Dilmurod Jumaboyev Farg‘ona viloyati hokimining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.

Dilmurod Jumaboyev.

Foto: Farg‘ona viloyat hokimligi

Ta’kidlanishicha, Dilmurod Jumaboyev mazkur lavozimga tayinlanguniga qadar Turizm qo‘mitasining Namangan viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlab kelgan.

U 1978-yil Namangan viloyatining Namangan tumanida tug‘ilgan bo‘lib, ingliz tili lingvistikasi magistri darajasiga ega.

Faoliyati davomida Namangan viloyati matbuot va axborot boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, “Namangan” nashriyoti bosh muharriri, NamDU o‘qituvchisi, “Vodiymedia.uz” axborot sayti rahbari, “Namanganskaya pravda” gazetasi bosh muharriri sifatida faoliyat olib borgan. 2019—2020-yillarda Namangan viloyati hokimligi axborot xizmatiga rahbarlik qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmatining sobiq rahbari Muhammadjon Obidov pnevmoniya kasalligiga chalingani sabab 2020-yilning 28-sentabr kuni iste’fo bergach, o‘tgan vaqt davomida hokimlik axborot xizmati rahbari lavozimi bo‘sh turgandi.

2020-yilning 25-sentabr kuni Xayrullo Bozorov Farg‘ona viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan edi.