FIFA, UEFA, OFK va yana to‘rtta mintaqa konfederatsiyalari Yevropa Superligasining tashkil etilishiga qarshi chiqdi.

Foto: Getty Images

“Yevropa Superligasining tashkil etilishi haqida OAVda yangragan so‘nggi xabarlar yuzasidan shuni yana qaytarib aytamizki, bunday musobaqa FIFA va konfederatsiyalar tomonidan tan olinmaydi.

Bunday musobaqada ishtirok etgan har qanday klub yoki o‘yinchi FIFA va konfederatsiyalar tomonidan tashkil etiladigan musobaqalarga qo‘yilmaydi.

Klub futbolida FIFA tan oladigan yagona xalqaro musobaqa bu — klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati. FIFA tan oladigan mintaqaviy musobaqalar esa konfederatsiyalar tomonidan tashkil etiladiganlaridir.

Sport prinsiplari, birdamlik, darajadagi pasayish va ko‘tarilish futbol piramidasining asosini tashkil qiladi. Mana shu prinsiplar evaziga futbol uzoq yillik va muvaffaqiyatli tarixga ega.

Xalqaro va mintaqaviy musobaqalarda ishtirok etish har doim maydondagi o‘yin evaziga qo‘lga kiritilishi kerak”, — deyiladi bayonotda.

FIFA tasarrufiga Jahon Chempionati, Konfederatsiyalar Kubogi va klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati kiradi. UEFA esa Yevropa chempionati, Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasi musobaqalariga javob beradi.

Mazkur bayonotni barcha mintaqalar (UEFA, OFK, CONMEBOL, CAF, Concacaf va OFC) konfederatsiyalari qo‘llab-quvvatlagan.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi komissiyasi ham UEFA qo‘llab-quvvatladi va Superliga tashkil etilishiga qarshi ekanini ma’lum qildi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!