“Daryo”ni Telegram’da o‘qing! Join!
14:10, 21.01.2021 31521

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari birdaniga oshdi

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxirasi 1-yanvar holati bo‘yicha 34,9 milliard dollarni tashkil etdi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bu dekabr oyidagi zaxiradan 2 milliard dollarga ko‘p.

Foto: Bloomberg

Ta’kidlanishicha, oltin-valyuta zaxiralari 2021-yil boshlanganidan beri birdaniga oshgan. 2020-yil oxirida zaxiralar ketma-ket bir necha oy davomida kamaygan edi. 2020-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra rasmiy zaxira aktivlari 32,9 milliard dollarni tashkil qilayotgan edi.

2020-yil kuz fasliga kelib O‘zbekiston zaxiradagi oltinlarni sotishni to‘xtatgan. Hozirda zaxiradagi oltin miqdori 332,8 tonnaga teng. Ma’lumot uchun, dekabr oyida bu ko‘rsatkich 323,4 tonnaga teng edi.

Oltin-valyuta zaxiralari mamlakat uchun “himoya yostiqchasi” hisoblanadi. O‘zbekistonning amaldagi zaxiralari 20 oylik importni moliyalashtirish uchun yetarli hisoblanadi.

Xalqaro tashkilotlar rivojlanayotgan davlatlarga 3 oylik importni moliyalashtirish uchun yetarli zaxiralarni saqlashni tavsiya qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning sentabr oyi boshlarida O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari may oyidan buyon birinchi bor qisqardi. Mamlakatning rasmiy zaxira aktivlari 1-sentabr holatiga ko‘ra, 34,6 milliard dollarni, xalqaro zaxiralar 33,8 milliard dollarni tashkil etdi. O‘zbekiston o‘z oltinlarini faol sotgani pandemiya davriga to‘g‘ri keldi. Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov oltin-valyuta zaxirasini sotib, mablag‘larni mamlakat iqtisodiyotini qutqarishga va ishsizlar soni ortishining oldini olishga yo‘naltirish mumkinligini aytgandi.

Boshqa yangiliklar