Moskvada Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Kremldagi uchrashuv paytida qo‘l berib ko‘rishmagan. Bu haqda “Pul N3” Telegram kanaliga tayanib “Korrespondent.net” xabar qildi.

Pashinyan va Aliyev navbatma-navbat Putin bilan qo‘l berib ko‘rishgan, shundan so‘ng Kavkaz mamlakatlari rahbarlari o‘zaro qo‘l bermasdan stolga o‘tirgan.

Ma’lumot uchun, 11-yanvar kuni Rossiya va Ozarbayjon prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘rtasida uchrashuv boshlandi.

Eslatib o‘tamiz, 10-noyabr kuni Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha bitim imzolangani, unga ko‘ra Armaniston bir qator hududlarni Ozarbayjonga topshirgani haqida xabar berilgan edi. Muxolifat Pashinyan “xoinlik” shartnomasi imzolangani sababli iste’foga chiqishini talab qildi. Shundan so‘ng bosh vazir iste’foga chiqishga tayyorligini ma’lum qildi.