Laxor (Pokiston)dagi Oliy sud jinsiy zo‘ravonliklar haqidagi ishlar bo‘yicha ayollarga nisbatan qo‘llanilgan bokiralikni tekshirish amaliyotini bekor qildi, deb xabar beradi “Gazeta.uz” The New York Times’ga tayanib.

Laxorda ayollar uzoq vaqtlardan buyon jinsiy zo‘ravonlikka qarshi norozilik namoyishlarini olib bormoqda. Suratdagi aksiya 2013-yil dekabrida bo‘lib o‘tgan.

Foto: AP Photo

“Qo‘shni Afg‘oniston, Hindiston va Bangladeshda taqiqlangan bu amaliyot Pokistonda va boshqa o‘nlab mamlakatlarda davom etib kelmoqda, u yerlarda bu amaliyot yaxshi fazilatlilik va ayolning ishonchga loyiqligi ko‘rsatkichi hisoblanadi”, — deb yozadi gazeta.

Sudga bir guruh ayollar ariza bergan, ular bokiralik pardasining butunligini tekshirishni shaxsiy hayotning daxlsizligi va qadr-qimmat borasidagi konstitutsiyaviy huquqlarning buzilishi deb atadi.

“Bu ayblanuvchiga e’tibor qaratish emas, balki qurbonga nisbatan shubha uyg‘otish uchun qo‘llaniladigan tahqirlovchi amaliyot”, — deya ularning fikriga qo‘shildi sudya.

Huquqni muhofaza qiluvchi faol ayollar sud qarorini jinsiy zo‘ravonlik haqidagi ishlar bo‘yicha kamdan kam ayblov hukmlari chiqariladigan mamlakatda zo‘ravonlik qurbonlariga nisbatan tergov va sud jarayonlarini takomillashtirish yo‘lidagi zarur qadam deb atadi.

“Umid qilamizki, qaror mamlakatning barcha davlat organlari tomonidan amalga oshirilib, bunday noqonuniy amaliyotning zudlik bilan taqiqlanishi kafolatlanadi”, — dedi huquq muhofazachilaridan biri.