“Malika savdo majmuasi”da 2020-yilning 8-dekabr kuni yuz bergan pichoqbozlik akasining o‘chini olmoqchi bo‘lgan uka tomonidan sodir etilgan. Bu haqda Tergov departamenti “Daryo”ga xabar berdi.

Foto: Tergov departamenti

Jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, 6-dekabr kuni 27 yoshli Rustam M. “Malika savdo majmuasi”ning ichida 26 yoshli Farrux H. bilan o‘zaro kelishmovchilik oqibatida janjallashib ketgan. Janjal davomida Farruxning yuz qismiga bir necha marotaba urib tan jarohati yetkazgan. Biroq Farrux olgan tan jarohati bo‘yicha hech qanday tibbiy muassasa va IIOga murojaat qilmasdan, o‘zining yashash manziliga borgan vaqtida bo‘lib o‘tgan holat yuzasidan ukasi Saidahmad H.ga aytib bergan. 21 yoshli Saidahmad akasiga tan jarohati yetkazgan Rustam M.dan o‘ch olish maqsadida uyidan o‘ziga tegishli bo‘lgan “pakki” pichog‘ini olib, “Malika” bozoriga borgan.

8-dekabr kuni soat 13:40 larda Saidahmad “Malika savdo majmuasi”ning asosiy kirish darvozasi oldida “pakki” pichog‘i bilan Rustamning bel va o‘ng lunj sohasiga tan jarohati yetkazib, hodisa joyidan yashiringan. Toshkent Tibbiyot Akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasining ma’lumotnomasiga ko‘ra, jabrlanuvchiga “Bel sohasi chap yarmi sanchib kesilgan jarohati. O‘ng lunj sohasi kesilgan jarohati” tashxisi bilan jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO FMB 4-sonli IIB Tergov bo‘linmasi tomonidan Saidahmad X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “v” bandi (sovuq qurolni qo‘llash orqali sodir etilgan bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishini tergov qilish davrida tan jarohati olgan Rustam M. Toshkent Tibbiyot Akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasidan qochib yashiringan. Uni qidirib topishning imkoni bo‘lmayotganligi sababli yetkazilgan tan jarohatining og‘irlik darajasini aniqlash bo‘yicha sud tibbiy ekspertiza tayinlashning imkoni bo‘lmagan.

Jinoyat ishi bo‘yicha fuqaro Rustam M.ni qidirib topish yuzasidan sohaviy xizmatlarga tergov topshiriqlari berilgan.

22-dekabr kuni Saidahmad X. tergov organiga kelishdan bo‘yin tovlab qochib yashiringanligi sababli unga nisbatan sirtdan JKning 277-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan ayb e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlanib, qidiruv e’lon qilingan.

Jinoyat ishi yuzasidan ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinishi lozim bo‘lgan Saidahmad X. yo‘qligi sababli jinoyat ishi Jinoyat Protsessual Kodeksining 364-moddasi (Dastlabki tergovni to‘xtatish asoslari va tartibi) 1-qismi 2-bandiga asosan harakatdan to‘xtatilgan.

Ayblanuvchini ham, jabrlanuvchini ham qidirish ishlari davom etmoqda.