Surayyo Majıdova, “Daryo” yosh jurnalistlar maktabi bitiruvchisi.
Koronavirusga qarshi vaksina ijobiy natijalar berishni boshladi. Biroq so‘rovlar dunyo aholisining jiddiy bir qismi emlanishdan bosh tortayotganini ko‘rsatmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlari aholining vaksinaga bo‘lgan munosabatini tahlil qilib chiqdi.
Yil davomida o‘tkazilgan bir nechta so‘rovlarga ko‘ra, amerikaliklarning 50 foizi vaksinani qabul qilish fikriga sodiq turibdi. 25 foiz aholi esa hali bir qarorga kelgani yo‘q. So‘rovda qatnashgan qora tanli aholining 40 foizi vaksinani qabul qilmasligini aytgan bo‘lsa, atigi 32 foizi emlashga rozilik bildirmoqchi. Vaholanki AQShda COVID-19 oqibatidagi o‘limlarning to‘rtdan bir qismi qora tanlilarga to‘g‘ri kelmoqda. Shunga qaramay, ularning aksariyati vaksinaning xavfsiz va samarali bo‘lishiga ishonmaydi va uni qabul qilmoqchi emas.
Kaliforniyada ko‘rsatkichlar yanada pastroq: qora tanli odamlarning 30 foizdan kamrog‘i emlanishga rozilik bildirdi. Bunga sabab qilib boshqa sohalardagi kabi sog‘liqni saqlash tizimda ham doimiy yuzaga keladigan irqchilik va tahqirlash ko‘rsatiladi.
“Qora tanli aholi orasidagi vaksinalar va sog‘liqni saqlash tizimiga bo‘lgan ishonchsizlik o‘rinli, – deydi Tifani Jonson, UC Devis tibbiy markazining pediatriya bo‘limi shifokori. – Biz shifokorlar va tadqiqotchilar bir qadam ortga chekinishimiz kerak va ‘nega qora tanlilar bizga ishonmaydi?’ deyish o‘rniga ‘biz ishonchni qozonish uchun nima qildik?’ degan savolni berishimiz lozim”.
Noyabr oyida Britaniyada o‘tkazilgan onlayn so‘rov natijasidan kelib chiqib JL Partners kompaniyasi vakili Jeyms Jonson shunday dedi:
“Odamlarning yarmidan ko‘pi vaksina olish ular yil davomida eshitgan eng yaxshi yangilik ekanini aytdi. Keksalar ayniqsa xursand. Ammo baxtiyorlik bilan bir qatorda ehtiyotkorlik ham bor. Jamoatchilikning deyarli yarmi vaksinaning xavfsizligiga ishonmayapti. Odamlar u hali to‘liq sinalmagan degan xavotirda”.
Daily Mail so‘roviga ko‘ra, har to‘rt britaniyalikning uch nafari koronavirus vaksinasini qabul qilmoqchi. Faqat 7 foiz aholi nima bo‘lgan taqdirda ham emlanishga qarshiligini aytdi.
Arab mamlakatlarida ham shu kabi vaziyat kuzatilmoqda. Jumladan, Kuvayt taxminan 5,7 million dozada vaksina import qilib, 2,8 million aholini emlay olishini ma‘lum qildi. Bu kishi boshiga ikki dozani tashkil qiladi. Biroq mahalliy Al Qabas agentligining xabar berishicha, kuvaytliklarning 46 foizi emlanishdan bosh tortmoqchi, 39 foizi vaksinani qabul qilishga roziligini aytmoqda, 15 foizi bir to‘xtamga kelgani yo‘q.
Xitoyda so‘rovlarning 97 foiz ishtirokchisi vaksina qabul qilmoqchiligini aytgan bo‘lsa, Rossiya, Polsha va Vengriyada bu ko‘rsatkich ancha past.
So‘rovlarda, shuningdek, vaksina olmayman deganlardan buning sababi so‘raldi. Unga ko‘ra, global miqyosda odamlarning 56 foizi nojo‘ya ta‘sirdan xavotirda, 29 foizi uning samaradorligiga ishonmaydi, 17 foizi esa umuman vaksinaga qarshi.
Vaziyatga amerikalik ekspertlar izoh berildi.
“Odamlardagi xavotir va shubhalanish – tabiiy hol. Chunki gap yangi virusga qarshi ishlab chiqilgan yangi vaksina haqida ketyapti, – deydi Vanderbilt universitetining virusli kasalliklar bo‘yicha professori Uilyam Shafner. – Bizga biroz vaqt kerak. Ommaviy emlash bir-ikki haftada bitadigan ish emas”.
“Hali birorta vaksina butunlay xafvsiz deb tasdiqlangani yo‘q. Bundan tashqari, ushbu so‘rovnomalarning aksariyati Moderna va Pfizer vaksinalari tayyor bo‘lishidan oldin o‘tkazilgan”, – deya qo‘shimcha qildi Kent universteti epidemologi Tara Smit.
Avvalroq Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari vaksina bilan birga endi “vaksinaga bo‘lgan ishonch”ni oshirish rejasini ishlab chiqayotgani xabar qilingan edi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, yangi vaksinadan shubhalanish tabiiy hol. Aholining vaksina haqidagi fikri o‘zgarishi mumkin, chunki har kuni uning ijobiy natijasi haqida so‘nggi ma‘lumotlar berib borilmoqda.
Izoh (0)