Rossiya qurilish vazirligi va kommunal xizmatlar boshqarmasi migrantlarning qurilish ishlariga kelishlari uchun mamlakatga kirish shartlarini soddalashtirishni so‘radi va bir qator takliflar berdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmatiga tayanib, “TASS” xabar berdi.

Foto: AP Photo

Ta’kidlanishicha, Ichki ishlar vazirligi, Mehnat vazirligi va “Rospetrobnadzor” bilan kelishilgan ushbu takliflar Rossiya hukumatiga ko‘rib chiqish uchun yuborilgan.

Vazirlik qurilish maydonlarida ishchi kuchi yetishmasligining asosiy sababi sifatida chet ellik ishchilarning Rossiyaga kirishiga taqiq qo‘yilganini keltiradi. Shuningdek, bahorda to‘xtatilgan qurilish maydonlarida mehnat muhojirlarining ishlab chiqarish sohasiga o‘tishi ta’sir ko‘rsatgan.

Shu sababli Rossiya Qurilish vazirligi ishchi kuchining yetishmasligini mehnat muhojirlarini olib kirish, joylashtirish va ro‘yxatga olishni tashkillashtirish orqali yechish niyatida. Taklif etuvchi tashkilotlar mamlakatga kelgan muhojirlarda koronavirus yo‘qligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma bo‘lishini ta’minlashga majbur bo‘ladi.

Rossiya hukumatining hisoblashicha, pandemiya sabab mamlakat mehnat bozori 1,5 million ishchidan ayrilgan. Shu bilan birga, Rossiya fuqarolari ishsizlik va maoshlar ortganiga qaramay, qurilish ishlariga borishni xohlamayapti.

Xorijlik fuqarolardan Rossiyaga kirishdan kamida 3 kun oldin koronavirusga topshirgan testining salbiy javobini taqdim etishlarini so‘rash taklif etilyapti. Ishchi kuchini jalb etgan tashkilotlar xorij fuqarolarini migratsiya ro‘yxatiga qo‘yishi va u bilan mehnat shartnomasini imzolashi kerak bo‘ladi. Muhojirlarga mehnat faoliyati uchun patentlarni Moskvada ro‘yxatdan o‘tkazish kerak bo‘ladi.

Mamlakat Qurilish vazirligi 1-dekabr holatiga ko‘ra mamlakatning 77 viloyatidan 50 tasidagi qurilish maydonlarida muhojirlar yetishmovchiligi kuzatilayotganini aytgan. “Rabota v Rossii” saytining xabar berishicha, qurilish sohasida ishchi kuchiga bo‘lgan talab 190 mingdan ortiq odamni tashkil qiladi. “Hozirda qurilish maydonlarida O‘zbekiston, Ukraina va Tojikistondan kelgan muhojirlar yetishmayapti”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Rossiya Savdo-sanoat palatasi mehnat migrantlarining oilasi bilan mamlakatga kelishiga ruxsat berilishini so‘rab chiqqandi.