Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

O‘zbekistonda bir oila uchun bir oylik suyultirilgan gaz limiti 20 kilogramm deb belgilangan, ammo amalda 11,7 kilogramm gaz to‘g‘ri kelmoqda, deya xabar bermoqda “Kun.uz”.

Foto: Energetika vazirligi

Foto: Energetika vazirligi

Suyultirilgan gazning ehtiyojga nisbatan kam ishlab chiqarilishi uni yetkazib berishda ko‘plab muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu haqda Senat kengashining aholi va tadbirkorlik subyektlarini elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz hamda ko‘mir bilan ta’minlash holatini o‘rganishga bag‘ishlangan yig‘ilishida so‘z borgan.

Ma’lum qilinishicha, bir oila uchun bir oyga mo‘ljallangan gaz limiti 20 kilogrammni tashkil qilishi belgilab qo‘yilgan, ammo amalda oila boshiga 11,7 kilogramm gaz to‘g‘ri kelmoqda.

“Suyultirilgan gazni o‘z vaqtida yetkazib berish bilan bog‘liq muammolar talaygina. Namangan, Farg‘ona, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlarida suyultirilgan gazni yetkazib berish 50—60, ayrim holatlarda 90 kungacha cho‘zilishi aniqlandi.

Shuningdek, suyultirilgan gazni belgilangan miqdordan ancha kam berish holatlari ham mavjud. Gaz ballonining muzlab qolgan qismini tozalamasdan to‘ldirish oqibatida 20 kilogramm emas, 10 kilogramm gaz yetib boryapti. 10 kilogramm gazni qanday qilib 45 kunga yetkazish mumkin?

Xonadonda istiqomat qiluvchilar soniga e’tibor qilmay, 2 kishi uchun ham 1 ta, 10 kishi uchun ham 1 ta gaz balloni berish holatlari bor.

Bunday muammolar aholini xususiy tarmoqlardan 2—3 baravar qimmat narxda yoki ‘Hududgazta’minot’ omborlaridan yashirin ravishda belgilangan narxdan qimmatroqqa sotib olishga majbur qilyapti.

Suyultirilgan gazning real ehtiyojga nisbatan sezilarli darajada kam yetkazib berilishi holati so‘nggi yillarda o‘zgarmay qolyapti”, — dedi yig‘ilishda so‘z olgan senator Qutbiddin Burhonov.

Bildirilishicha, 2020-yilda aholining suyultirilgan gazga bo‘lgan ehtiyoji 837,8 ming tonnani tashkil qiladi. Biroq amaldagi ehtiyojga nisbatan 278,9 ming tonna kam gaz yetkazilishi kutilmoqda. Bunday holatlar 2018—2019-yillarda ham kuzatilgan.

Yig‘ilishda tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojni prognozlashtirishdagi kamchiliklar oqibatida iste’mol va ta’minot o‘rtasidagi nomuvofiqliklar xususida ham so‘z bordi.

“Tabiiy gazni yetkazib berish hajmlari yil sayin oshib borayotgan bo‘lsa-da, aholining mavjud ehtiyojlari qoplanmasligi, prognozga nisbatan iste’molning yuqori bo‘lishi kuzatilmoqda.

2020-yilda iqtisodiyot tarmoqlariga yetkazib berilishi kutilayotgan tabiiy gaz hajmi 2019-yilga nisbatan 102,5 foizga, aholiga yetkazib berish hajmi esa 2019-yilga nisbatan 113,1 foizga o‘sishi ko‘rsatilgan. Ammo shunga qaramay, ehtiyoj qoplanmayapti.

Viloyat hokimliklari tomonidan qilingan prognozlarning real ehtiyojlarga mos kelmasligi tabiiy gaz bilan ta’minlay olmaslikka olib kelyapti”, — dedi Qutbiddin Burhonov.

Shuningdek, ko‘mir va suyultirilgan gaz ta’minotidagi talon-torojliklar haqida ham ma’lumot berib o‘tildi.

Bosh prokuratura vakili Behzod Ismoilovning ma’lumot berishicha, kuz—qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha mas’ul idoralarning 1200 nafardan ortiq mansabdor shaxslariga ogohlantirish berilgan bo‘lsa-da, bu masalada qonuniylik to‘liq ta’minlanmayapti.

“Ko‘mirning qora bozorga chiqib ketishi o‘rganilganda, 80 dan ortiq holatda salkam ming tonna ko‘mir mahsulotlarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanish faktlari aniqlangan. Tadbirkor sifatida hech qayerda ro‘yxatdan o‘tmagan shaxslar ko‘mir sotish bilan shug‘ullangan.

Ko‘mirni joylarga yetkazib berish jarayonida 11 ta holatda qariyb 1000 tonna ko‘mir 139 nafar shaxs tomonidan yurib ketayotgan vagonlarning o‘zidan tushirib olish holatlari kuzatilgan. Oqibatda, ko‘mir omborlariga belgilangan miqdordagi mahsulot yetib bormayapti.

Ko‘mirning ijtimoiy soha obyektlarida maqsadli sarflanmasligi bo‘yicha 20 mingta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, joylardagi idoralarning mansabdor shaxslari tomonidan aholiga yetkazilishi kerak bo‘lgan suyultirilgan gazni talon-toroj qilish holatlari aniqlangan. Xususan, Samarqandda 289 million so‘mlik 42 tonna, Quyi Chirchiqda 492 million so‘mlik 127 tonna suyultirilgan gaz mansabdorlar tomonidan noqonuniy sotilayotgan chog‘da aniqlangan”, — deydi Ismoilov.

Ma’lum qilinishicha, kuz—qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bo‘yicha 6300 dan ortiq qonun buzilishi aniqlangan. 100 dan ortiq idoraga taqdimnoma kiritilgan, qo‘pol qonun buzilish holatlari bo‘yicha 54 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 300 ga yaqin mansabdorga intizomiy, 350 nafariga ma’muriy chora ko‘rilgan.

Bosh prokuratura vakili aholiga ko‘mir va suyultirilgan gaz yetkazib berishda kuzatilayotgan talon-torojliklarning sabablariga to‘xtaldi.

“Yetkazib berish va ta’minot bo‘yicha qonunchilikda bo‘shliq mavjud emas. Bu borada yetarlicha normativ-huquqiy hujjatlar bazasi shakllangan. Faqat muammo joylardagi mutasaddilarning tartibni tushunmasligi, ular orasida targ‘ibot tadbirlarining yetarli emasligidadir”, — dedi Behzod Ismoilov.

Avvalroq Buxoroda to‘rt yildan beri gazsiz yashayotgan nogironligi bor shaxsga OAV aralashuvi bilan bir kunda gaz berilgani haqida xabar berilgandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Putin rasmiy qarorgohida zinadan yiqilib tushgani aytilmoqda
Mahalliy
“Mashina minishni qimmatlashtirish kerak”. Doniyor G‘aniyev tirbandliklarni kamaytirish, aholini jamoat transportiga o‘rgatish uchun nimalar qilish zarurligi haqid...
Madaniyat
“Uyda yolg‘iz” filmi yulduzi shapkasi yonayotgan sahnani suratga olish paytida boshi kuyib qolgani haqida gapirdi