Afrika ittifoqining kasalliklar nazorati va oldini olish markazlari direktori Jon Nkengasongning ma’lum qilishicha, ba’zi mamlakatlar juda ko‘p miqdorda koronavirusga qarshi vaksina g‘amlab qo‘ygan. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.

Foto: Express

Nkengasongning qayd etishicha, ko‘p miqdorda vaksina g‘amlayotgan davlatlar ortiqcha vaksinalarni ular yetishmayotgan Afrika davlatlari bilan bo‘lishishi kerak. “Ba’zi mamlakatlar ularga kerak bo‘lganidan uch-to‘rt, besh marta ko‘p vaksinaga ega”, — deya ta’kidlagan direktor.

Uning fikricha, mazkur davlatlar kambag‘al davlatlarga aholini emlash kampaniyasini ishga tushirishga yordam berishi mumkin. Biroq u juda ko‘p miqdorda vaksina xarid qilgan davlatlar nomini aytmagan.

Uning ta’kidlashicha, BMT COVID-19’ga qarshi vaksinani adolatli ravishda olish va ularni taqsimlash masalasiga bag‘ishlangan maxsus yig‘ilish o‘tkazishi zarur.

Nkengasongning ma’lum qilishicha, Afrikada koronavirus bilan kasallanish holatlari yana ortmoqda. Uning bildirishicha, Afrikada allaqachon koronavirusning ikkinchi to‘lqini boshlangan.

The Guardian nashrining yozishicha, Afrika ittifoqining kasalliklar nazorati va oldini olish markazlari Jahon banki va Afreximbank banki bilan Afrika mamlakatlari o‘rtasida koronavirusga qarshi vaksinalarni taqsimlash uchun mablag‘ yig‘ish maqsadida ish olib bormoqda. Oktabr oyida Nkengasong Afreximbank bu maqsadlar uchun 5 milliard dollargacha yig‘ishi mumkinligini ma’lum qilgan.

The Guardian’ning xabar berishicha, 70 ta kambag‘al mamlakat aholisning 10 nafaridan 9 kishi 2021-yilda koronavirus vaksinasini qabul qila olmaydi, chunki g‘arb mamlakatlari allaqachon eng istiqbolli sanalayotgan vaksinalarning katta qismini sotib olgan.

Sayyora aholisining 14 foizi istiqomat qiladigan rivojlangan davlatlar allaqachon o‘zini vaksinalar bilan ta’minlab bo‘lgan. Pfizer tomonidan yaratilgan vaksinaning 96 foizini g‘arb mamlakatlari sotib olgan. Moderna tomonidan yaratilgan vaksinani ham faqat rivojlangan mamlakatlar aholisi olishi mumkin, ikkala vaksinaning ham narxi baland. Bundan tashqari, bu vaksinalarni juda past haroratda saqlash kerak. AstraZeneca kompaniyasi esa aksincha, o‘z vaksinasining 64 foizini rivojlanayotgan mamlakatlarga jo‘natishni mo‘ljallamoqda.

Aholi jon boshiga eng ko‘p vaksina Kanada tomonidan xarid qilingan. Har bir kanadalik xohishiga ko‘ra koronavirusga qarshi besh marta emlash olishi mumkin.