Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi “Buyrapush” mahallasida yashovchi mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari, 28 yoshdagi O‘.Q. (ism-shariflar o‘zgartirildi) tuman ichki ishlar idorasiga ariza bilan murojaat etib, yolg‘on xabar bergani aniqlandi, deya xabar qilmoqda O‘zA.

Ma’lum qilinishicha, buyrapushlik tadbirkor o‘z arizasida Sho‘rchi tumanidagi fermer xo‘jaliklaridan birining ishchisi, “Oq kamar” mahallasida yashaydigan 42 yoshli Jo‘raboy Nafasov 558 bosh qo‘yini boqib berishini aytib, uning ishonchiga kirgach chorva mollarini o‘zlashtirib ketganini ma’lum qilgan. Surishtiruv chog‘ida O‘.Q. qo‘ylari firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib ketilgani haqida yolg‘on xabar bergani, aksincha, uning o‘zi J.Nafasov va boshqalarga tegishli 410 bosh qo‘yni qo‘lga kiritgani fosh bo‘lgan.

Ayni paytda ichki ishlar idorasi xodimlarini yolg‘on xabar bilan chalg‘itmoqchi bo‘lgan O‘.Q.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 237-moddasi 1-qismi (yolg‘on xabar berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Eslatib o‘tamiz, Jinoyat kodeksining ushbu moddasi bilan aybdor shaxs bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 75 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Shuningdek, o‘sha harakatning oqibatlariga qarab, 5 yildan 8 yilgacha, 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Avvalroq O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasida portlash bo‘lishi haqida yolg‘on xabar bergan fuqaro aniqlangani haqida xabar berilgandi.