Shvetsiya prokuraturasi o‘z o‘g‘lini 28 yil uydan chiqarmagan ayolga nisbatan qo‘yilgan ayblovlarni olib tashladi. Tergov jarayonida erkak noqonuniy ozodlikdan mahrum qilish qurboni bo‘lgani va kvartirasida o‘z ixtiyoriga qarshi saqlangani haqida dalillar topilmagan. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.

Foto: “Interfaks”

Avvalroq Stokgolm yaqinidagi kvartirada 28 yil davomida onasi tomonidan uyda saqlangan erkak topilgani haqida xabar berilgandi. Mazkur davr mobaynida erkak tishlaridan ajralgani, oyoqlari yara bilan qoplangani va operatsiyaga muhtoj bo‘lgani ma’lum qilingandi. Qayd etilishicha, 41 yoshli erkak kvartiradagi chiqindi uyumlari orasidan topilgan.

Erkakning onasi o‘g‘lini noqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilgani va unga zarar yetkazgani haqidagi ayblovlarni rad etgan. Ayol hibsdan ozod etilgan.

Tergovchilar kvartirada hech qanday qulflanadigan xonani topmagan, shuningdek, erkak qayerdadir qamalgani yoki chiqishga qo‘yilmaganiga hech qanday dalil aniqlanmagan. Bundan tashqari, erkakning o‘zi ko‘chaga chiqish haqida qaror qila olganini aytgan. Erkakni kvartiradan tashqarida ko‘rgan guvohlar ham mavjud.

Prokuratura tomonidan ma’lum qilinishicha, erkak olgan jarohatlar zo‘ravonlik bilan bog‘liq emas.

Avvalroq erkakni uning opasi topib olgani haqida xabar berilgandi. Qizi onasi kasalxonada ekanligini bilib, uning kvartirasiga kelgan. Uning o‘zi onasining uyidan o‘smirlik vaqtida chiqib ketgan va o‘shandan buyon ukasini ko‘rmagandi. Ayolning aytishicha, ukasi 11 yoki 12 yoshida maktabga bormay qo‘ygan vaqtda, u bu holatga ijtimoiy xizmatlar e’tiborini tortishga uringan.

Opaning so‘zlariga ko‘ra, ularning onasi ko‘p yillar avval o‘g‘lidan ayrilgan. Uning yana bir o‘g‘li tug‘ilgach, unga vafot etgan o‘g‘lining ismini qo‘ygan va vafot etgan o‘g‘lini qaytarish orzusida kichkina o‘g‘liga haddan tashqari g‘amxo‘rlik qilgan.