“Sudyalarning odob-axloq kodeksi” talablarini buzgan Jinoyat ishlari bo‘yicha Angren shahar sudining raisi va Angren shahar ma’muriy sudining raisiga nisbatan jazo qo‘llanilgan. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov “Daryo”ga ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatida ozodlikni cheklash jazosini o‘tayotgan shaxsning ziyofatida qatnashgan sudya ko‘p o‘tmay uni ozodlikka chiqargani haqida xabar qilingan edi.

Foto: “Daryo”

Oliy sud bergan ma’lumotga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Angren shahar sudining raisi T.H. va Angren shahar ma’muriy sudining raisi E.P.ga nisbatan yakunlangan xizmat tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, 2020-yilning 25-may kuni, taxminan, soat 19:30 larda T.H. va E.P. jinoyat ishlari bo‘yicha Olmaliq shahar sudining hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 25,169-moddasi (o‘g‘rilik) 4-qismi “a”, “v” bandlari (juda ko‘p miqdorda, o‘ta xavfli retsidivist tomonidan) bilan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan D.N.ning tug‘ilgan kun tadbiri o‘tkazilayotgan kafesiga kechki ovqatlanishga taom olib ketish uchun borgan. Sudyalar buyurtma berilgan ovqatning tayyor bo‘lishini kutish jarayonida ularga notanish bo‘lgan, bir fuqaro tug‘ilgan kuni ekanligini aytib, ularni ham tug‘ilgan kuni bo‘lib o‘tayotgan xonaga taklif qilgan va ular tug‘ilgan kun tadbiriga kirib o‘tirgan.

Sudyalar bu harakatlari bilan “Sudyalarning odob-axloq kodeksi” qoidalari hamda karantin davrida majburiy qoidalar talablarini buzganligi aniqlangan.

Sudyalar T.H. va E.P. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganliklari uchun ularning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari — 669 000 so‘m miqdorida jarima jazosi qo‘llanilgan.

Ma’lumot uchun, 2020-yilning 11 oyi mobaynida o‘z faoliyatida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 27 nafar sudya intizomiy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, 8 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilgan.