Qo‘qon davlat pedagogika instituti talabasi darsga o‘z vaqtida qatnashmagan boshqa talabaga o‘qituvchidan baho olib berish evaziga 300 dollar olayotganda qo‘lga olingan. Bu haqda 30-noyabr kuni viloyat prokurori Ulug‘bek Qosimov ishtirokidagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri Azizjon Ermatov.

Ulug‘bek Qosimov.

Foto: “Daryo”

Ma’lum bo‘lishicha, Qo‘qon davlat pedagogika institutining tabiiy fanlar fakulteti talabasi N.U. o‘zi o‘qiyotgan fakultet dekani orqali boshqa bir talaba M.V.ning o‘qishga kelmagan kunlari va baholarini to‘g‘rilatib berish evaziga 300 dollar olgan vaqtida ushlangan. Farg‘ona politexnika instituti o‘quv-uslubiy boshqarmasi boshlig‘i A.M. 3 ming dollar evaziga talaba K.K.ning o‘qishini iqtisodiyot yo‘nalishiga ko‘chirib berishini va’da qilib, 1500 dollar olgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, Rishton tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri I.M. va kadrlar bo‘limi mutaxassisi A.V. malaka toifasi muddati o‘tgan 77 nafar o‘qituvchiga qalbaki hujjatlar asosida malaka belgilagan. Ustama haqlarini noqonuniy to‘lash va boshqa suiiste’molliklar oqibatida 414 million so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilgan.

Foto: “Daryo”

Qo‘qon shahridagi 41-maktab direktori G.Q. va o‘rinbosari D.T. ikki nafar o‘quvchini 1-sinfga o‘qishga qabul qilish evaziga 250 dollar, 300 ming so‘m olayotganida, 8-maktab direktori F.D. fuqaro N.N.ni maktabga yarim stavkaga kutubxonachi va 0,2 stavka laborant vazifasiga ishga qabul qilishi evaziga 100 dollar va 850 ming so‘m, Marg‘ilon shahridagi 31-maktab direktori vazifasini bajaruvchi A.D. fuqaro D.J.ni texnik lavozimga tayinlash evaziga 150 dollar olayotgan vaqtda ushlangan.