1938-yilning 1-dekabrida mashhur sovet kinorejissori Sergey Eyzenshteynning ijtimoiy vatanparvarlikni omma ongiga muvaffaqiyatli singdira olgan filmi – “Aleksandr Nevskiy”ning premyerasi bo‘lib o‘tgan edi. “Daryo” kolumnisti Farrux Adhamjonov ushbu film haqida fikr yuritadi.
Kino haqida
“Aleksandr Nevskiy” tarixiy filmi mashhur sovet kinorejissyori Sergey Eyzenshteyn tomonidan suratga olingan bo‘lib, undagi voqealar 1242-yil Peipsi ko‘li atrofida bo‘lib o‘tgan urushni tasvirlaydi. Filmning suratga olish ishlari 1938-yil iyun oyida boshlandi va katta ekranlarga o‘sha yilning dekabr oyidayoq chiqarildi. “Aleksandr Nevskiy” filmi jami o‘n ikki epizoddan tashkil topgan bo‘lib, davomiyligi 1 soat 52 daqiqani tashkil etadi.Film ikkita bir-biriga bog‘liq voqealar – Aleksandr Nevskiy rus xalqi bilan Tevton orderiga qarshi kurashishi va Vasiliy Buslai bilan Gavrila Oleksichning Olga Danilovnaning sevgisi uchun kurashishi bilan davom etadi. Ular jangda o‘zini yaxshiroq ko‘rsatgan bahodir Olganing sevgisiga munosib deya kelishib oladi.
Filmda bosh rollarni Nikolay Cherkasov (Aleksandr Nevskiy), Nikolay Oxlopkov (Vasiliy Buslay), Andrey Abrikosov (Gavrilo Oleksich), Lev Finin (Yepiskop) kabi mahoratli aktyorlar gavdalantirgan edi.
Sujet
1240-yillar Novgorod knyazligiga shved ritsarlari bostirib keladi. Neva daryosi esa urush o‘chog‘iga aylanadi. Tevton ordeni Pskovni qo‘lga oladi va mahalliy aholini qiynoqqa soladi. Rim Papasining yordamiga ishonib qolgan ritsarlar hali bosib olinmagan rus knyazliklarini oldindan bo‘lishishni boshlaydi. Novgorod xalqi esa o‘z vechesida qo‘shin to‘plashni rejalashtiradi va unga knyaz Nevskiyni bosh qilib tayinlashadi.Qo‘shinlar muzlagan ko‘l qirg‘oqlarida to‘planishadi. Tevton ordeniga qarshi nafaqat askarlar, balki oddiy dehqonlar ham birga kurashadi. Jangdan oldin Ignat askarlarga tulki va quyon haqida masal aytadi. Tajribali sarkarda bo‘lgan Nevskiy shunga o‘xshash yo‘l tutadi. Jangda nemislar yengiladi va ularning sarkardasi qo‘lga olinadi.
Jangdan so‘ng rus ayollari yaradorlarga yordam berishni boshlaydi. Ikki bahodir – Vasiliy va Gavrila arang tirik qoladi. Ular Pskovga qaytishganida Vasiliy o‘zidan ko‘ra sherigi kattaroq qahramonlik ko‘rsatganini aytadi. Knyaz Nevskiy esa asirga olinganlar ustidan sud o‘tkazadi va dushmanlarning oddiy xizmatkorlarini qo‘yib yuboradi. Nevskiy ularga qarata: “Borib, barcha begona yurtlarga aytinglar – rus xalqi hali tirik! Bizni qo‘rqmasdan ziyorat qilib kelsinlar, ammo kim bizga qilich ko‘tarib kelsa, qilich bilan o‘ladilar! Rus o‘lkasi shu ustunga qurilgan!”, deya kinoga yakun yasaydi.
Tahlil
“Aleksandr Nevskiy” Sergey Eyzenshteyn yaratgan eng zo‘r kinolardan biri hisoblanadi. Rejissyor oldinroq Ivan Turgenev tomonidan yozilgan “Bejin o‘tlog‘i” uchun falsafiy va psixologik filmni suratga olayotgan edi. Lekin undagi ssenariy SSSR kinochilar uyushmasidan o‘ta olmagach, senzuraga uchraydi. 1935-yilga kelib, kinochilar uyushmasi rejissyorlarga sotsialistik realizm janrida kino olishga buyurtma berdi.Patriotizm mavzusini o‘z filmlarida yuksak darajaga olib chiqa oladigan Sergey Eyzenshteyn esa Tevton ordenidagi nemis ritsarlarining agressiv hujumlariga qarshi kurashgan millat qahramoni – knyaz Aleksandr Nevskiy obrazini ekranlashtirishga kirishdi. Uning fikricha, patriotizm – har bir shaxsda yuqori darajada bo‘lishi kerak edi. Shu sababli, film katta ekranlarga chiqarilganida u ijtimoiy patriotizmni omma ongiga muvaffaqiyatli singdira oldi.
1941-yil fashistlarning SSSRga hujumi ortidan esa filmga yana talab oshdi. 1942-yili filmning 700 yilligi munosabati bilan uni barcha frontdagi kinoteatrlarda namoyish qilishni boshlaydi. Film so‘nggida yangragan “kim bizga qilich ko‘tarib kelsa, qilich bilan o‘ladilar! Rus o‘lkasi shu ustunga qurilgan va shundayligicha qoladi” mazmunidagi iqtibos esa deyarli har bir askarga yod bo‘lib ketdi. Bu muvaffaqiyatlari uchun Eyzenshteyn Lenin ordeni, Stalin mukofoti va san’atshunoslik doktori unvonlarini qo‘lga kiritdi. Stalinning o‘zi esa film haqida quyidagi fikrni bildirgan edi: “Buyuk ajdodlarning mard qiyofasi har bir askarni ilhomlantira oladi”.
Film allegoriyasini tushunish esa juda oson edi: Tevton ordeni ritsarlari fashistlarni, rus xalqi esa SSSRni ko‘rsatar edi. Yakundagi mashhur iqtibos Stalinning 1934-yil Germaniya va Yaponiya haqida aytgan nutqiga ritorika hisoblanadi.
Kamchiliklari:
- ssenariyda voqelikdan chetga chiqish, romantiklashtirish, tarixiy voqealarga nisbatan to‘g‘ri kelmaydigan tomonlarni ko‘rsatish borligi;
- siyosiy maqsad: omma ongini propaganda yordamida o‘zgartirishga urinish (patriotizm, sotsializm).
Yutuqlari:
- sujetning qiziqarli davom etishi, unda uzilishlar yo‘qligi;
- Sergey Prokofyev film uchun yaratgan ajoyib musiqalari;
- Aleksandr Nevskiy obrazini xolis yaratilishi, uning iqtiboslari ko‘pchilikka yod bo‘lib ketgani.
Xulosa
Film ommaning ongiga patriotizm g‘oyalarini yanada buyukroq qilib ko‘rsatib, o‘z yerlarini har qanday yo‘llar bilan himoya qilishga chaqiradi. Bu yo‘lda birdamlik g‘alabaga bo‘lgan yagona yo‘l ekanini ko‘rsatish – bevosita sotsializm bilan bog‘liq. Sergey Eyzenshteyn esa film yordamida o‘zi chuqur hurmat qilgan tuyg‘ularni va kinochilar uyushmasi tomonidan qo‘yilgan talablarni muvaffaqiyatli ko‘rsatib berdi. Film o‘z ahamiyati va mashhurligini urushdan keyin ham saqlab qola oldi.Muallif fikr tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)