O‘zbekiston Prezidentining iqtisodiyot masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Galina Karimovna Saidova Fransiyaning La Tribune nashrida “Uzoq Sharqda koronavirusdan keyingi tiklanish yo‘lidagi islohotlar” sarlavhali maqolasini e’lon qildi. Quyida u to‘lig‘icha keltirildi.

Foto: Galina Saidova

“Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilda boshlangan islohotlar O‘zbekistonni misli ko‘rilmagan o‘sish yo‘liga olib chiqdi. Sovetlar davridan meros qolgan avvalgi iqtisodiy model iqtisodiy turg‘unlikka olib kelganini anglagan holda mamlakat mavjud mablag‘larni iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun islohotlar o‘tkazishga yo‘naltirdi.

Shu tariqa, pul islohoti burilish nuqtasini belgilaydi. Avvalgi model o‘zbek so‘mining AQSh dollariga nisbatan kursini ikki yoki hatto uch barobarga oshishi tizimiga olib kelgan, qora bozor va soyadagi iqtisodiyotni rag‘batlantirgan bo‘lsa, xorijiy valyutani sotib olishga bo‘lgan cheklovlarning olib tashlanishi, shuningdek, xorij valyutasida bank kreditlari olish imkoniyati korxonalar o‘rtasidagi raqobat sharoitini sezilarli darajada yaxshilab, mamlakatni xorijiy investitsiyalar uchun ochdi.

Soliq tizimidagi ko‘plab o‘zgarishlar, shu jumladan, yirik kompaniyalar uchun soliqlar keskin kamaytirilishi ham ishbilarmonlik muhitini ta’minladi, bu orqali shunday kompaniyalar o‘z moliyaviy barqarorligini yaxshilab, keng ko‘lamli xususiy investitsiyalar uchun resurslarni bo‘shatish imkoniga ega bo‘lishdi.

Sog‘lom iqtisodiy baza barqarorligini ta’minlash bilan bir qatorda, mamlakatning asosiy sanoat tarmoqlarini jadal modernizatsiyalashni qo‘llab-quvvatlash ham amalga oshirilayotgan islohotlarning ustunlaridan biridir. Shunday qilib, gaz va kimyo sanoati, metallurgiya va elektrotexnika sohalarida investitsiya loyihalari rag‘batlantirilmoqda: faqat 2020-yilning o‘zida 730 MVt elektroenergiya ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlar ishga tushirildi, parallel ravishda qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish ishlari amalga oshirilmoqda. COVID19 pandemiyasi boshlangach, pul o‘tkazmalari 19 foizga kamayganiga qaramasdan fevral oyidan buyon ijtimoiy nafaqalar miqdori 17 foizga va eng kam ish haqi miqdori 10 foizga oshirilishi iste’mol talabi saqlanib qolishiga yordam berdi.

Sanoat sohasi bilan uzviy bog‘langan qishloq xo‘jaligini ham nazardan chetda qoldirib bo‘lmaydi: yangi islohotlarning muhim qismi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi xom ashyosini baholashga qaratilgan. Bunda paxtachilik sinov sifatida xizmat qildi: endilikda O‘zbekistonda paxtani yetishtirishdan tashqari uni qayta ishlab, tola, ip, mato, so‘ng tayyor mahsulot ham tayyorlanishi mumkin. Butun ishlab chiqarish sikli uchun mas’uliyatni zimmasiga olgan klasterlar sanoat va qishloq xo‘jaligida raqobatbardoshlik paydo bo‘lishiga olib keldi, uchinchi sektor ham bu jarayonda naf ko‘radi: biz ishlab chiqarish zanjiridagi ko‘plab tashkiliy, huquqiy va moliyaviy aloqalar rivojlanganiga guvoh bo‘ldik. Endilikda barcha qishloq xo‘jaligi materiallari ushbu tashkiliy sxemani takrorlaydi.

Shu bilan birga, bu islohotlarning samaralari allaqachon sezilayotgan bo‘lsa-da (2019-yilda iqtisodiy o‘sish 5,6 foizga teng bo‘lgan), O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish va soyadagi iqtisodiyotni qisqartirish borasidagi muammolar hamon saqlanib qolayotganini anglamoqda.

Faoliyati korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish, korrupsiyaga qarshi qonunchilikni joriy etish, shaffoflik oshirish va jarayonlarni soddalashtirishga qaratilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzildi. Bundan tashqari, 2020-yil iyulida o‘zini o‘zi band qilganlarga yangi maqom berilishi norasmiy sektorda ishlashga qarshi kurashdagi muhim qadam bo‘ldi. O‘zini o‘zi band qilgan ishchi maqomi orqali ishchilar daromad solig‘i to‘lashmaydi, faqat ularning ish haqini hisoblashda hisobga olinadigan ijtimoiy to‘lovni to‘lashadi: ushbu islohotdan keyin ikki hafta mobaynida 100 mingdan ortiq kishi o‘zini o‘zi band qilgan aholi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Bu yangi maqom yuz minglab kishilarning ishini qonuniylashtirib, turli ish o‘rinlari yaratilishiga imkon berdi.

Nihoyat, O‘zbekiston muhim tabiiy va material resurslarga ega bo‘linganda millatning iqtisodiy rivojini uning inson kapitali rivojlanishidan ajratib bo‘lmasligini yoddan chiqarmaydi. Ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha muhim ishlar boshlanganining sababi shudir. Mamlakat, shuningdek, odamlarga, uning mentaliteti va qobiliyatlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ularning faol ishtirok etishini talab qilishini anglagan holda, bu elementsiz hech qanday islohot muvaffaqiyatli bo‘lmasligini anglaydi.

Garchi pandemiya 2020-yilda iqtisodiy o‘sishni amalda to‘xtatib qo‘ygan bo‘lsa-da, bu transformatsiya yevropalik investorlarni, xususan fransuz investorlarni jalb qilishda davom etmoqda va biz bundan juda xursandmiz”.