Buyuk Britaniyaning Mirror nashri Argentinadagi manbalariga asoslanib marhum Diyego Maradonaning o‘limdan avvalgi so‘nggi soatlari haqida ma’lumotlarni e’lon qildi.

Foto: Twitter

Maradona 25-noyabr tongida holsiz va rangi oqargan holda uyg‘ongan, biroq shunga qaramay nonushta qila olgan. Shundan keyin o‘z o‘rniga borib yotgan va o‘zining so‘nggi so‘zlarini aytgan: “O‘zimni yomon his qilyapman”. Shundan keyin uning hamshirasi darhol tez yordamga murojaat qilgan. Yetib kelgan shifokorlar argentinalik afsonani qutqarib qola olmagan va mahalliy vaqt bilan 12:00 atrofida o‘lim qayd etilgan.

Maradona advokatining so‘zlariga ko‘ra, o‘limga yurakning to‘xtab qolishi sabab bo‘lgan.

Maradona — 1960-yilning 30-oktabrida Argentinaning Lanus shahrida tug‘ilgan. Futbolchilik faoliyati mobaynida “Argentinos Xuniors”, “Boka Xuniors”, “Barselona”, “Napoli” va “Sevilya” kabi nomdor klublarda to‘p surgan. Argentina terma jamoasi bilan 1986-yilgi Jahon Chempionati g‘olibligini qo‘lga kiritgan. “Napoli” safida esa ikki bor Italiya chempioni bo‘lgan.

Maradona murabbiylik faoliyati davomida “Rasing”, “Al-Vasl”, “Al-Fujayra” va “Dorados” kabi klublarda, shuningdek, 2008—2010-yillar mobaynida Argentina terma jamoasida ishlagan. Uning so‘nggi jamoasi “Ximnasiya La-Plata” klubi edi, mutaxassis 2019-yildan buyon o‘sha yerda faoliyat yuritayotgandi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!