Futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar Ligasining 4-turidan o‘rin olgan E guruhidagi o‘yinlar 25-noyabr, seshanba kuni bo‘lib o‘tdi.

Foto: Twitter

“Chelsi” safarda “Renn”ga qarshi bahs olib bordi. Uchrashuvning 22-daqiqasida Kallum Hadson-Odoi londonliklarni oldinga olib chiqdi. Shundan keyin tashabbus mezbonlar tomoniga o‘tdi.

Ikkinchi bo‘limda fransuzlar hujumlarda faolroq bo‘ldi. Qator vaziyatlar 85-daqiqaga kelib o‘z samarasini berdi: Seru Girassi burchakdan uzatib berilgan to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi. Biroq londonliklar hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtda g‘alabani ilib ketishga muvaffaq bo‘ldi. Tezkor hujumdan keyin Olivye Jiru boshi bilan darvozani aniq nishonga oldi.

Guruhning ikkinchi o‘yini “Krasnodar” va “Sevilya” o‘rtasida kechdi. Ispanlar 4-daqiqadayoq Ivan Rakitichning golidan keyin oldinga o‘tib oldi. Bunga maydon egalari 56-daqiqada Vandersonning goli bilan javob qaytardi. Barchasi durang tomon ketayotgan bir vaqtda Munir al-Haddodi hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtning so‘nggi daqiqasida g‘alaba to‘pini kiritdi.

Shu tariqa guruhdagi vaziyat quyidagi ko‘rinishni oldi:

  • 1. “Chelsi” (10 ochko)
  • 2. “Sevilya” (10)
  • 3. “Krasnodar” (1)
  • 4. “Renn” (1).

“Chelsi” va “Sevilya” muddatidan avval pley-off masalasini hal qilgan bo‘lsa, qolgan ikki jamoa Yevropa Ligasi yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.

Chempionlar Ligasi

4-tur bahslari

24-noyabr, seshanba

“Krasnodar” Rossiya — “Sevilya” Ispaniya 1:2

Gollar: 0:1 – 4 Rakitich, 1:1 – 56 Vanderson, 1:2 – 90+5 Munir.

“Krasnodar”: Gorodov, Martinovich, Ramires, Smolnikov, Pantaleao, Gazinskiy, Kabella (Utkin, 85), Olsson (Vilena, 67), Klasson (Chernov, 84), Suleymanov (Vanderson, 46), Berg (Ari, 67).

“Sevilya”: Vatslik, Kunde, Diyego Karlos, Eskudero (Rekik, 61), Oskar Rodriges (Jordan, 53), Gudel, Rakitich (Oliver Torres, 61), Fernando, Okampos (Idrissi, 72), de Yong (an-Nesiri, 72), Munir.

Ogohlantirishlar: Suleymanov (18), Jordan (58).

“Renn” Fransiya — “Chelsi” Angliya 1:2

Gollar: 0:1 – 22 Hadson-Odoi, 1:1 – 85 Girassi, 1:2 – 90+1 Jiru.

“Renn”: Gomis, Traore, Da Silva, Tryuffer (Mauassa, 86), Nyamsi, Nzonzi, Kamavinga (Grenye, 78), Lea Siliki (Del Kastiyo, 63), Burijo, Doku (Gboo, 86), Girassi (Nyang, 86).

“Chelsi”: Mendi, Tiago Silva, Aspilikueta, Chiluell, Zuma, Jorjinyo, Maunt (Kante, 68), Kovachich (Haverts, 76), Hadson-Odoi (Ziyosh, 75), Verner (Jeyms, 90), Abraham (Jiru, 69).

Ogohlantirishlar: Grenye (87), Burijo (90).

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!