Amerikadagi teatrlardan birida faoliyat olib boradigan aktyor Jonatan Layons kalamush kostyumini kiygan holda Nyu-York ko‘cha va metro stansiyalarida kezib yurdi. Bu haqda New York Post ma’lum qildi, deb yozadi Esquire.

Foto: Esquire

Layonsning aytishicha, u bundan 11 yil avval Buddy the Rat kostyumini o‘ylab topgan va YouTube’ga ushbu kostyumda Tayms Skverda sayr qilgani tasvirlangan videoni yuklagan. Rolik 70 ming martaga yaqin tomosha qilingan.

U ushbu kostyumni kiygan holda qisqa metrajli filmda suratga tushishni istagan. Bog‘dagi suratga olish ishlari jarayonida kalamush libosi odamlar e’tiborini tortgan va atrofdagilar uni suratga ola boshlagan.

Ijtimoiy tarmoqda dong taratganidan keyin Layons shunchaki ko‘ngilxushlik uchun shaharga ushbu kostyumda chiqa boshlagan.

“Nyu-York aholisining ko‘pchiligi mutlaq befarq”, — degan aktyor ushbu kostyumda ijtimoiy masofa saqlash osonligini qo‘shimcha qilgan.

U kostyum ichidan oddiy niqob taqishini aytib, mazkur kiyimda odamlar undan uzoq turishi haqida qayg‘urishiga hojat yo‘qligini bildirgan.