O‘zbekiston xalq artisti Og‘abek Sobirov “Daryo” internet-nashri uchun eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni jurnalist Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Foto: “Daryo”

Og‘abek Sobirov suhbat davomida meningit kasalligi bilan deyarli bir yil kurashgani va rahmatli otasi o‘g‘limning dardini menga ber, deya Allohga qilgan iltijolari haqida gapirib berdi.

1991–1992-yillarda san’at olamiga endi kirib kelgan paytlarim edi. O‘zim o‘ylayman, balki o‘sha payt el nazari, ko‘z degani yomon narsa-ku, o‘zingiz bilasiz, shu narsa to‘siq bo‘ldimi, degan fikr ham yo‘q emas.

Xullas, 3-4 oy yotib qoldim. Shunday og‘ir vaziyatlarni boshdan o‘tkazdimki, buning eng yomon tomoni ota-onaning ko‘z оldida farzandining og‘ir dardga chalinib yotganligi bo‘ldi. Bu narsani hozir ota bo‘lib, bilib yuribmiz. Ilohim, hech kim farzandining yomon holatini hech qachon ko‘rmasin.

Dadam shunaqa mehribon inson edi, bizni shu darajada yaxshi ko‘rardiki, hech kimlarga ishonmasdi.

Shunda menda 3-4 oydan keyin miya shamollashi bo‘ldi. Meningit darajasiga borib qoldim. Judayam xavfli bo‘ldi. Keyin yana 3-4 oylar  yotib qoldim. Bir yilga yaqin kasal bo‘lib yotganman.

Biror joyga bora olmayman, oynaga qarab o‘zimni ko‘rib qo‘rqib ketadigan darajada bo‘lib qoldim. Shunaqa og‘ir vaziyatlar bo‘lgan, o‘sha paytda baribir ota ota ekan, onam ham Alloh rahmat qilsin, dod-voy soladi. To‘xtamay tinimsiz duolar qilib turgan bir vaqtda otam tepamga kelib, Ey Xudoyim, o‘g‘limning dardini olgin-da, menga bergin, shu bolam qiynalmasin, deganlar. Bu narsani o‘z qulog‘im bilan eshitganman. Otam shu dardni o‘zlariga so‘rab olganlar, Alloh rahmat qilsin!

Меn kunlar o‘tgan sari sog‘ayib boraverdim, otam esa ikki yilga bormadilar. Sog‘liklari joyida edi, baquvvat inson edilar. Har kuni 30 km piyoda yurardilar. Temiryo‘lchi edilar, temiryo‘l bo‘yida uyog‘idan buyog‘iga har kuni 30-40 km masofani bosardilar.

Aytmoqchimanki, salomatliklari joyida edi, mening bemor bo‘lganim otamga qattiq zarba bo‘lgan ekan.

Ba’zida o‘ylab qolaman, otalarimizga mos farzand bo‘ldikmikan? Shularni qadrlaydigan ishlarni qildikmikan? Hurmatlarini joyiga qo‘ydikmikan? Shu narsalar haqida ko‘p o‘ylanaman. Jonini farzandi uchun qurbon qilishdan qaytmaydigan ota uchun, ona uchun biz farzandlik burchini yetarli darajada ko‘rsata oldikmikan, degan o‘y hozirgacha ham tinchlik bermaydi.

Og‘abek Sobirov, O‘zbekiston xalq artisti

Ma’lumot uchun, Og‘abek Sobirov poytaxtda 30 ga yaqin, viloyatlar bo‘ylab 200 ga yaqin yakkaxon konsert dasturlarini taqdim etgan. Uning o‘ttizdan ortiq musiqiy albomi, 300 dan ortiq mualliflik qo‘shiqlari bor.