Qazg‘oq Parkinson kasalligi alomatlaridan biri bo‘lishi mumkin. “RBK”ning Daily Express’ga tayanib xabar berishicha, Buyuk Britaniyaning Parkinson’s UK kompaniyasi mutaxassislari shunday xulosaga keldi.

Foto: Pro Wellness

Tadqiqotda aytilishicha, gap seboreya kasalligi haqida ketmoqda. Yengil shaklda u qazg‘oq ko‘rinishida namoyon bo‘lishi mumkin, kasallikning og‘ir shaklida esa bosh terisi qizarib, tangachasimon dog‘lar hosil bo‘ladi.

Seboreya dermatiti ko‘p hollarda gormonal buzulishlar oqibatida kelib chiqadi. Shuningdek, testosteron, anaboliklar va glyukokortikosteroidlarni uzoq muddat iste’mol qilish kasallik rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Tadqiqotning qo‘shimcha qilinishicha, olimlar bemorlarda Parkinson kasalligi paydo bo‘lish sababini ayta olmagan.

2020-yilning sentabr oyida isroillik olimlar COVID-19 koronavirus infeksiyasi bemorlarda jiddiy nevrologik oqibatlarga olib kelishi mumkin degan xulosaga kelgandi. Ulardan biri Parkinson kasalligi bo‘lib, u koronavirus aniqlangan bemorlardan biriga shunaqa tashxis qo‘yilgan.

Ma’lumot uchun, Parkinson kasalligi, titroq falaj — markaziy nerv sistemasining surunkali kasalligi. Ingliz vrachi Jeym Parkinson 1817-yili ta’riflab bergan. Parkinsonda muskullar taranglashadi, yuz harakatsiz bo‘lib, qotib qoladi, bemor mayda qadam tashlab yuradi, harakatlari cheklanadi, hatto kiyinish, tugmalarni qadashda qiynaladi. Titroq falaj ko‘proq qo‘l panjalaridan boshlanadi (bemor go‘yo barmoqlari bilan sharchalar yasayotgandek harakat qiladi).  Bemorning boshi, oyoqlari ham titraydi, bemor qimirlamay turganda yoki juda hayajonlanganida, odatda, titroq kuchayadi, harakatlanganida kamayadi va uxlagan paytida bosiladi.