Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo mamlakatlariga sog‘liqni saqlash tizimining shoshilinch ehtiyojlari va COVID-19 pandemiyasi sabab bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish uchun 134 million yevro ajratdi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi—Markaziy Osiyo vazirlar konferensiyasining 16-yig‘ilishidan so‘ng Yevropa tashqi aloqalar xizmati xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Uchrashuv 17-noyabr kuni videokonferensaloqa orqali bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston tomonidan tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ishtirok etdi.

Ushbu mablag‘lar Markaziy Osiyo mamlakatlarining dolzarb va uzoq muddatli ehtiyojlarini qondirish, xususan, sog‘liqni saqlash, suv ta’minoti va sanitariya tizimlarini mustahkamlash, inqirozning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etish uchun taqdim etildi.

Uchrashuvda tomonlar, shuningdek, iqtisodiy, transport sohalaridagi o‘zaro aloqalarni hamda ekologiya, energetika va xavfsizlik masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekistonning 2021-yilda “Yevropa Ittifoqi—Markaziy Osiyo” hamkorlik va barqaror rivojlanish bo‘yicha vazirlar konferensiyasini o‘tkazish taklifini qo‘llab-quvvatladi.