Niderlandiya pandemiyaning ikkinchi to‘lqinida joriy qilingan cheklovlarni yumshata boshladi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Mark Ryutte e’lon qildi, deb yozmoqda “RBK”.

Foto: Reuters

Mamlakat hukumati xabariga ko‘ra, 19-noyabrdan boshlab madaniyat sohasidagi muassasalar va tashkilotlar — kutubxonalar, teatrlar, konsert maydonlari, muzeylar, musiqa maktablarini ochishga ruxsat berildi.

Binolar ichida tashrif buyuruvchilar o‘rtasida 1,5 metrli ijtimoiy masofani saqlash talab etiladi. Teatrlarda yoki kinoteatrlarda bitta oila a’zolari yonma-yon o‘tirishi mumkin.

Shuningdek, fuqarolarga kuniga uch nafargacha mehmonni uyda qabul qilishga ruxsat beriladi, 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar bundan mustasno. Bir oilaga tegishli bo‘lmagan eng ko‘pi bilan to‘rt kishi uydan tashqarida bir joyda yig‘ilishi mumkin.

Restoran va kafelar, shu jumladan madaniy muassasalardagi yopiq qolmoqda, ammo ular ovqatni olib ketish uchun tayyorlaydi.

Hukumat bayonotida aytilishicha, Niderlandiyada koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari soni kamaymoqda. Biroq ta’kidlanishicha, odamlarning aloqalari va harakatlanishini cheklashni davom ettirish kerak.

O‘tgan hafta davomida COVID-19 kasalligi aniqlangan holatlar soni bir hafta avvalgiga nisbatan kamaydi. Hozirgi vaqtda mamlakatning 20 mintaqasi eng yuqori “og‘ir” xavf darajasiga ega, beshtasida — keyingi “jiddiy” xavf darajasi amal qilmoqda. Pandemiya boshlanganidan beri mamlakatda 450 mingdan ortiq odam koronavirus bilan kasallangan, 8,6 mingdan ortig‘i vafot etgan.

Oktabr oyining o‘rtasida Niderlandiya virus tufayli kiritilgan choralarni kuchaytirdi, xususan, uyda qabul qilinadigan mehmonlar soni cheklandi, agar imkoniyat bo‘lsa, fuqarolarga uyda ishlash buyurildi, ovqatlanish nuqtalari yopildi va kofe do‘konlarining ishi cheklandi.

Noyabr oyi boshida rasmiylar ikki hafta muddatga qo‘shimcha cheklovlar kiritgandi.