Florida shtatida yashovchi oila idish ichidan Kubaga yopirilgan halokatli “Irma” to‘foni vaqtida yozilgan maktubni topib oldi, deb xabar beradi UPI.

Foto: UPI

Keti Bodiford qarindoshlari bilan plyajda sayr qilib yurib, ichida maktub bor plastik idishni topib olgan. U plastikni qirqib, ichidan maktubni ehtiyotkorlik bilan olgan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu maktubni 2017-yilda beshinchi darajali to‘fon yopirilgan vaqtida kubalik bolakay yozgan. “Maktubni kimdir topib olishiga, chin ko‘ngildan umid qilaman”, — deyiladi xatda.

Maktub muallifi butilkani siklon yopirilgan vaqtda okeanga tashlamoqchi bo‘lgan. “Bolakay shu qadar jasur bo‘lgani va kuchli shamolga qaramay okeanga borishdan qo‘rqmagani hayratlanarli”, — deydi Bodiford.

Amerikalik o‘zining topilmasini Facebook’dagi sahifasida e’lon qilib, uning muallifini topilishiga umid qilmoqda.

“Irma” to‘foni 2017-yilning sentabrida Kuba, Puerto-Rika, Dominikan va AQShga yopirilgan edi. U 55 kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan.

Avvalroq Fransiyada 110 yil avval kabutar yo‘qotgan nemis zobitining maktubi topilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.