Farg‘ona vodiysi viloyatlarini Toshkent shahri bilan bog‘lovchi milliy avtomagistral yo‘lida turli yuk va mahsulotlarni tashuvchi haydovchilarga bosqinchilik qilib, moddiy boyliklarni talagan jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudi tomonidan 11 kishidan iborat jinoiy guruh a’zolariga nisbatan hukm o‘qildi.
Bu jinoiy guruh transport vositasida Andijon—Toshkent—Andijon yo‘nalishida yo‘lovchi va moddiy qimmatliklar tashuvchi haydovchilarga nisbatan bosqinchilik qilish, shu yo‘l bilan osongina boylikka ega chiqishni rejalashtirgan edi. Mazkur jinoiy guruh a’zolari o‘rtasida vazifalar taqsimlangan bo‘lib, kimdir jinoyat sodir etish qurollari va vositalarini tayyorlab berish, yana kimdir esa avtomashinalarning harakatlanish vaqti haqida xabar berib turish, qolganlari esa bevosita jinoyatni bajarish bilan shug‘ullanib kelgan.
Eng achinarlisi shuki, ulardan 1 nafari ichki ishlar idorasi, 2 nafari esa davlat soliq inspeksiyasining sobiq xodimidir.
Andijon viloyati Qorasuv shahrilik Doniyor Yuldashev ilgari og‘ir jinoyatini sodir etganligi uchun sudlangan. U jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan boshqa shaxslar bilan oldindan til biriktirib, yo‘lovchi va moddiy qimmatliklar tashuvchi haydovchilarni aniqlab, bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan moddiy qimmatliklardan ulush olishni rejalashtirgan.
2018-yil 4-may kuni jinoiy harakatni amalga oshirish uchun oldindan reja tuziladi. R. Hakimov “Afzal” degan shaxs bilan uchrashib, Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi D.Mamato‘rayev o‘zining boshqaruvidagi Lacetti rusumli transport vositasida Toshkent — Andijon yo‘nalishida katta miqdorda pul olib kelishi mumkinligi haqida ma’lumot beradi.
Bundan tashqari, u ilgari og‘ir (bosqinchilik) jinoyatini sodir etganligi uchun sudlangan L.Isomiddinov va boshqalar bilan uchrashib, ularga Qo‘rg‘ontepa tumani, Qorasuv shahrida yashovchi M.Ismoilov o‘zining boshqaruvidagi Lacetti rusumli transport vositasida 2018-yil 20-may kuni tunda Toshkent — Qorasuv yo‘nalishida pul olib kelishi mumkinligi haqida ma’lumot bergan.
“Katta o‘lja”ning “hidini olgan” R.Hakimov D.Yuldashevning tashabbusini amalga oshirish maqsadida akasi B.Hakimov va F.Bektashev, J.Ahmadjonov, J.Tojimahammatov, Q.Latipov bilan jinoyatni amalga oshirish uchun qora maska, qo‘lqop, yog‘och va rezina tayoqlar bilan qurollanib, Toshkentdan kelayotgan “o‘lja”ni poylashga tushishadi.
3-maydan 4-mayga o‘tar kechasi jinoiy guruh a’zolari har biri o‘z vazifalarini “sidqidildan” bajarib, D.Mamato‘rayev boshqaruvidagi Lacetti’ni to‘xtatib, haydovchi va yo‘lovchilarga hujum qiladi. Ularni qo‘rqitib, transport vositasining orqa-yon oynalarini o‘zlaridagi yog‘och va rezina tayoqlar bilan urib sindiradi. Haydovchi va yo‘lovchilarni transport vositasidan tushirib yuborishib, Lacetti’ni olib qochadi.
Shundan so‘ng olib qochilgan Lacetti’ni bir necha kilometr boshqarib borib, Farg‘ona viloyati, Oltiariq tumani, Uch uy—Qiziltepa avtomobil yo‘lining 3-kilometrida to‘xtashadi. Eshik va yukxonadagi plastmassa qoplamalarni ko‘chirishib, avtomobil salonidan “o‘lja”ni axtarishadi. Lekin o‘zlari kutganidek, pulni topolmay, mashinani shu joyda qoldirib, o‘z mashinalarida voqea joyidan yashirinadi.
Shuningdek, L.Isomiddinov, F.Yuldashev, I.Zokirov va Sh.Sobirov 20-may kuni tungi vaqtda “Toshkent — Qorasuv” yo‘nalishida harakatlanayotgan M.Ismoilov boshqaruvidagi Lacetti rusumli transport vositasida bo‘lishi mumkin bo‘lgan pulni bosqinchilik yo‘li bilan egallamoqchi bo‘ldi. Jinoyat izini yo‘qotish maqsadida andijonlik Yo.E.ga tegishli bo‘lgan “MAZ-504V” rusumli transport vositasining davlat raqam belgisini F.B. boshqaruvidagi Lacetti avtomobiliga “yopishtirib” olishadi. Ularning bosqinchilik jinoyati o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra sodir etilishi boshlangunga qadar tayyorgarlik ko‘rish bosqichida to‘xtatilgan. Bo‘z tuman IIB xodimlari tomonidan ular qo‘lga olingan.
Tergov jarayonida “qaroqchilar”ning boshqa qilmishlari ham yuz ko‘rsata boshladi. Barcha dalillar asosida bu yigitlarning qilmishlari fosh bo‘ldi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudida M. Ibragimov rasiligida mazkur jinoyat ishi adolatli ko‘rib chiqilib, sudlanuvchilarga nisbatan hukm o‘qildi. D. Yuldashevga 11 yil, boshqa sudlanuvchilarga ham turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.