Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Toshkentda shahrida 9-noyabr kuni Kasaba uyushmalari federatsiyasining 2016—2020-yillardagi faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda federatsiya raisi o‘rinbosari — mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Qobiljon Qirg‘izaliyev 21-oktabr kuni Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi Uzbekistan GTL zavodida yuz bergan ommaviy tartibsizlikka alohida to‘xtaldi, deb yozmoqda “Kun.uz”.

Kadr: Telegram

Kadr: Telegram

Rais o‘rinbosarining aytishicha, tashkilot tomonidan tuzilgan ishchi guruh voqea joyiga borib, uch kun davomida to‘polon sabablarini o‘rgangan. Natijada janjal kelib chiqishining bir nechta sabablari aniqlangan. Qirg‘izaliyev ommaviy tartibsizlikning kelib chiqishiga karantin sharoitida ishlash rejimi o‘zgarganini asosiy sabab sifatida keltirib o‘tdi.

Federatsiya mas’ulining aytishicha, qurilishda 17 mingdan oshiqroq odam ishlashi kerak. Hozirda 13500 dan ortiq ishchi ishlamoqda. Buning 10 mingdan ko‘prog‘i — mahalliy ishchi-xodimlar, qolganlari esa xorijlik quruvchilar hisoblanadi.

Federatsiya ishchi guruhi 14 ta savoldan iborat anketa tuzib, uch kun davomida 1500 ga yaqin ishchi bilan muloqot o‘tkazgan.

“Eng katta muammo — xodimlar ilgari 22 kun ishlab, 8 kun dam olish rejimida ishlagan, lekin pandemiya tufayli o‘sha rejim buzilgan. Ular ishda 60-70 kun qolib ketgan. Tasavvur qiling, ish joyining atrofi o‘ralgan. Hech qayerga chiqish mumkin emas. To‘rtta post bor. Hech kimni kirgizmaydi ham, chiqarmaydi ham.

Ishchi-xodimlarni avtobusda olib kiriladi — ‘propusknoy rejim’. Yashash uchun 13400 kishilik shaharcha qurilgan. U yerda ham to‘rtta post bor. Kirish-chiqish mumkin emas. Lekin ichida barcha sharoitlar yaratilgan. Avtobus yashash joyidan ishga, ishdan yashash joyiga olib boradi. 60-70 kun davomida odamlar shu sharoitda yashagan. Iloji yo‘q, hammaga kelgan to‘y. O‘sha yerda qolib ketgan”, — deya ta’kidlagan Qirg‘izaliyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur obyektda 14 kunlik karantin joriy qilingan bo‘lib, ishchilar ham shuncha vaqt karantinda saqlangan. Kompaniya ishchi-xodimlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish uchun 5 milliard so‘m sarflagan: ishchilarga test topshirish uchun sharoit yaratilgan; yengil shakldagi kasallar o‘sha yerda, og‘irroqlari shifoxonaga olib borib, kompaniya hisobidan davolangan. Yashash joyida ham, ish joyida ham katta poliklinika bor.

Ma’lum qilinishicha, 130 ga yaqin avtobus ishchilarga xizmat ko‘rsatadi. Yotoq joyidan ishga olib boradi. Ba’zilarini tushlikka ham yotoq joyiga olib keladi. Aniqlanishicha, 30 ga yaqin avtobusda sharoit og‘irroq. “Masalan, konditsioner ishlamaydi yoki o‘rindiqlar yaroqsiz holga kelib qolgan va hokazolar. Bu ham ularning ruhiyatiga ta’sir qilgan”, — dedi federatsiya vakili.

Qobiljon Qirg‘izaliyevning bildirishicha, zavodda 10 ta ovqatlanish korpusi — oshxonalar bor. Ularga monoblok qurilmasi o‘rnatilgan. Bunda ishchilarga karta beriladi. Ishchi kartasi yordamida monoblokdan chek oladi, chekni olib borib oshpazga uzatadi, oshpaz esa ovqatni beradi.

“Tasavvur qiling, mingta odam ovqatga navbatda turibdi. Har bittasining qo‘lida monoblok. Shu narsa odamlar 30-50 daqiqagacha navbatda qolib ketishiga olib kelgan.

Ertalabdan beton quygan inson 50 daqiqagacha qorni och qolib ketsa, bu, albatta, uning ruhiyatiga salbiy ta’sir qiladi”, — dedi Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi o‘rinbosari.

Qirg‘izaliyevning so‘zlariga ko‘ra, oziq-ovqat va ish haqi bilan bog‘liq muammo kuzatilmagan. U bunday buzg‘unchilik kelib chiqishiga ish joyida o‘zaro ahil muhitning yaratilmagani ham sabab ekanini qayd etdi.

“Yana bir asosiy sababi — injener-texnik xodimlar bilan ishchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabat ham yetarli darajada ijobiy tashkil etilmagan.

Janjal yuz bergan kuni ertalab soat 07:30 da 500-600 nafar ishchi ovqatlangani kelgan. Monoblok buzilib qolgan. Navbat uzoq cho‘zilgan va shu sabr kosasi to‘lishiga oxirgi tomchi bo‘lgan”, — dedi federatsiya vakili.

Uning ta’kidlashicha, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bu masala bilan shug‘ullanmoqda. Kim tartibsizlikka da’vat etganini aniqlash ishlari ketmoqda.

“Qonunda belgilangan tartibda o‘zining e’tirozini aytish kerak edi. Biz borib ko‘zimiz bilan ko‘rdik: 7-8 ta oshxona ichidagi hamma narsani pachoqlab tashlashgan: kompyuterlar, sovitadigan jihozlar, hattoki o‘zlariga tibbiy yordam ko‘rsatadigan tibbiyot punktining ham derazalarini sindirib ichkariga kirishgan. Hamma buyumlarni dabdala qilishgan. Ish bu darajaga yetishiga sabab bo‘lgan qandaydir da’vatchilar bo‘lgan.

Biz o‘sha oshxonaning ovqatidan yeb ko‘rdik. Bunaqa ovqatni uyda ham ko‘pchilik odamlar yemaydi. Birinchi, ikkinchi ovqatlar va hokazolar bor. To‘polondan keyin yana osh ham qo‘shib berildi. Ovqatdan noliydigan joyi yo‘q.

Keyingisi, ish haqi. Borib hujjatlarni ko‘rib chiqdik. Hozir Mehnat vazirligi buni ipidan ignasigacha tekshiryapti. Sentabr oyining ish haqi ham berib bo‘lingan ekan. Ish haqi yoki ovqatdan norozilik yo‘q ularda”, — dedi rais o‘rinbosari.

Rais o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, Kasaba uyushmalari federatsiyasi birinchi navbatda 20 ta yangi avtobus oldirib, zavodga olib borgan. Monoblok bekor qilingan. 22 kun ish, 8 kun dam olish rejimiga qaytilgan. Ishchilarning yashash joyida bir hafta-o‘n kunda savdo kompleksi quriladigan bo‘ldi. Sport bilan shug‘ullanish uchun qo‘shimcha zal ham qilinadigan bo‘ldi.

“U yerda ishlayotgan 10 mingdan ortiq odamning 4-5 mingtasi kasaba uyushmalari a’zosi ekan. O‘sha yerning o‘zida zavod kasaba uyushmasini ham tuzdik. Hozir faoliyat olib boryapti. Muloqotdamiz. Vaziyat yaxshi. Odamlar ishlayapti, mehnatini qilyapti. Sharoitdan rozi”, — deya ta’kidlagan federatsiya rasmiysi.

Eslatib o‘tamiz, 21-oktabr kuni Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida qurilayotgan Uzbekistan GTL zavodida ishchilarning ommaviy tartibsizligi yuz bergan. Qurilish ishlarini amalga oshirayotgan Enter Engineering kompaniyasi tartibsizlik tongda ishchilar uchun mo‘ljallangan oshxonaning monoblok uskunasi (elektron o‘tkazish tizimi)da texnik nosozliklar yuzaga kelgani bois ular o‘z vaqtida nonushtaga kira olmagani sababli yuz berganini ma’lum qildi.

Zavod mas’uli Shuhrat Arziyev OAV vakillari bilan muloqotda Uzbekistan GTL zavodi qurilishidagi ishchilarining ommaviy noroziligiga ularning ish kuni ko‘payib, dam olish kuni o‘zgarishsiz qolgani ham sabab bo‘lganini aytgan. Uzbekistan GTL bosh direktori Faxriddin Abdurasulov to‘polon ko‘targan ishchilar masalasiga to‘xtalib o‘tib, karantin sabab ularning ish kuni ortib, dam olish kuni o‘zgarishsiz qolgani sabab ishchilarda ruhiy toliqish bo‘lganini ma’lum qilgandi,

Keyinroq Uzbekistan GTL zavodini qurayotgan Enter Engineering kompaniyasi Mehnat kodeksining 161-moddasini, ya’ni mehnatga haq to‘lash tartibini qo‘pol ravishda buzgani ma’lum qilindi.

Qashqadaryo viloyat IIB ma’lumotlariga ko‘ra, zavodda yuz bergan to‘polonda ishchilar zavodga 480 million so‘m zarar yetkazgan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi “v” bandi (ko‘p miqdordagi mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) va 277-moddasi 2-qismi “b”, “v”, “e” bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan; sovuq qurol yoki kishining sog‘lig‘i uchun amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan narsalarni (qurol sifatida) namoyish qilib, ularni qo‘llash bilan qo‘rqitib yoxud qo‘llab; ko‘p miqdorda zarar yetkazib, birovning mulkini nobud qilib yoki unga shikast yetkazib sodir etilgan bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Sport
Mahmud Murodovning navbatdagi jangi sanasi va manzili aniq bo‘ldi
Mahalliy
O‘zbekistonliklar uchun Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tmasdan qolish muddati 30 kungacha uzaytirildi
Mahalliy
“2022-yilda uy-joy narxlari ikkilamchi bozorda 28 foizga, aholi real daromadi esa 9 foizga oshdi” – Markaziy bank raisi