Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Rossiyaning Mi-24 harbiy vertolyoti Armaniston va Ozarbayjon chegarasida halokatga uchradi. Vertolyot ko‘chib yuruvchi zenit-raketa kompleksi tomonidan urib tushirilgan. Bu haqda Meduza xabar berdi.

Foto: Armaniston FVV

Foto: Armaniston FVV

Ma’lum qilinishicha, hodisa Yerask qishlog‘i yaqinida yuz bergan. Bu qishloq Armaniston va Ozarbayjondagi Naxichevan avtonom respublikasi chegarasida — ikki mamlakat o‘rtasidagi jangovar harakatlar davom etayotgan Tog‘li Qorabog‘dan 100 kilometrdan uzoqroq masofada joylashgan. Yerask qishlog‘idan Turkiya va Erongacha bo‘lgan masofa 10 kilometrdan kamroqni tashkil qiladi.

Hodisa oqibatida vertolyot ekipajining ikki a’zosi halok bo‘lgan. Yana bir kishi o‘rta og‘irlikda jarohat olgan va evakuatsiya qilingan. Vertolyot Armanistonda joylashgan Rossiya harbiy bazasi tomonga harakatlanayotgan avtokarvonni kuzatib borayotgandi.

“RIA Novosti”ning yozishicha, vertolyot Ozarbayjon tomonidan tasodifan urib tushirilgan va Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi buni tan olgan.

Foto: Armaniston FVV

Foto: Armaniston FVV

Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, Tog‘li Qorabog‘ mojarosida faol jangovar to‘qnashuvlar yuz berayotgan bir paytda vertolyot Armaniston—Ozarbayjon chegarasining yaqinidan uchib o‘tgan va u xatolik sababli urib tushirilgan.

Ozarbayjon TIVning qayd etishicha, parvoz sutkaning qorong‘i paytida past balandlikda, havo hujumiga qashi vositalarning radarlari aniqlashi mumkin bo‘lgan hududdan tashqarida amalga oshirilgan. Bundan tashqari, hodisa yuz bergan hududda avval Rossiya vertolyotlari qayd etilmagan.

Foto: Armaniston FVV

Foto: Armaniston FVV

Ma’lum qilinishicha, mintaqadagi tarang vaziyat va “Armaniston tomonining ehtimoliy ig‘vosi” munosabati bilan yuqori harbiy tayyorgarlik joriy qilingani sababli navbatchi harbiy bo‘linma nishonga o‘t ochishga qaror qilgan.

“Ozarbayjon tomoni tasodifiy xarakterga ega bo‘lgan va Rossiya tomoniga qarshi qaratilmagan mazkur fojiali holat munosabati bilan Rossiya tomonidan uzr so‘raydi”, — deyiladi Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi xabarida.

Ozarbayjon tomoni hodisa oqibatida vafot etgan ekipaj a’zolarining qarindoshlari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan hamda hodisa munosabati bilan tovon to‘lashga tayyorligini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Tog‘li Qorabog‘dagi Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi mojaro 27-sentabrdan buyon davom etmoqda. 31-oktabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qilgan murojaati munosabati bilan agar to‘qnashuvlar to‘g‘ridan to‘g‘ri Armaniston hududiga o‘tkazilsa, Rossiya rasmiy Yerevanga yordam berishini ma’lum qilgandi.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Germaniyaning ARD telekanaliga bergan intervyusida Qorabog‘ nizosi hududiga boshqa mamlakatlardan emas, Rossiyadan tinchlikparvarlarning kiritilishi eng samaralisi bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Ukraina tashqi ishlar vaziri Putinning “Zelenskiyni o‘ldirmaslik” bo‘yicha bergan va’dasiga munosabat bildirdi
Sport
A Seriya. Eldor Shomurodovning debyut o‘yinida “Spetsiya” o‘zida “Napoli”ga yirik hisobda yutqazdi
Dunyo
Marsdan ham sovuqroq: AQSHda havo harorati tarixiy rekordni yangiladi (video)