Belarus Latviya, Litva, Ukraina va Polsha bilan quruqlikdagi chegaralarning mamlakatga kirish qismini yopdi. Bu haqda “Onliner.by” xabar bergan va ushbu qarorning sabablari oshkor qilinmayapti.

Foto: “Onliner.by”

Belarus ijtimoiy tarmoqlarida mamlakat hududiga kirib bo‘lmayotgani yuzasidan shikoyatlar 29-oktabr, kunning birinchi yarmida tarqala boshlagan. Yevropa ittifoqi hududiga kiruvchi davlatlardan kelgan nafaqat xorijliklar, balki belaruslar ham mamlakatga kiritilmayapti. Ukraina bilan chegarada bir necha soat davom etgan tanaffusdan keyin odamlarni mamlakat hududiga kiritish boshlangan.

Foto: “Onliner.by”

Oradan bir necha soat o‘tgach, Belarus davlat chegara qo‘mitasi epidemiologik vaziyat tufayli 4 mamlakat bilan quruqlikdagi chegaralar odamlarning ichkariga kirishi uchun rasman yopilganini e’lon qildi. Bayonotda qayd etilishicha, Minsk aeroporti doimiy ravishda ishlab turibdi, Yevropadan Belarusga samolyot orqali kelish mumkin.

Shuningdek, Belarusdan boshqa davlatlarga chiqish chegaralanmagan.

17-sentabrda Aleksandr Lukashenko davlat chegaralarining g‘arbiy qismini yopishga majburligi haqida gapirgan va bunga Polsha hamda Litvaning do‘stona bo‘lmagan munosabati sababchi ekanini bildirgandi. Ertasi kuni Belarus davlat chegara qo‘mitasi ushbu mamlakatlar bilan chegara hududlarida xavfsizlik talablari kuchaytirilishini ma’lum qilgan.

Belarus koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon Yevropadagi boshqa davlatlardan farqli ravishda chegaralarini yopmay kelayotgan edi.

Avvalroq Ukrainada favqulodda holat rejimi uzaytirilgani, Polshada bir kun ichida koronavirus bo‘yicha ikkita antirekord yangilangani, Chexiyada komendantlik soati joriy etilishi haqida xabarlar berilgan.