Hindiston shifokorlar assosiatsiyasi 23-oktabr kuni maoshlarini vaqtida olmagani uchun qo‘zg‘olon ko‘targan davlat kasalxonalarining shifokorlarini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Bu haqda Anadolu axborot agentligi xabar qilgan.

Foto: Twitter

Assosiatsiya bosh vazir Narendra Modiga koronavirusga chalingan bemorlarni davolayotgan tibbiyot xodimlarining kompensatsiyasini to‘lab berishni so‘rab ochiq xat yo‘llagan.

“Afsuski, epidemiya vaqtida qahramonlar va jangchilar sifatida ulug‘langan shifokorlar ushbu og‘ir davrda o‘z maoshlarini ham ololmayapti”, – deyiladi Modi nomiga yo‘llangan ochiq xatda.

Assosiatsiyaning fikricha, ushbu holat tibbiyot xodimlari uchun nihoyatda achinarli.

Hindiston koronavirus epidemiyasi bo‘yicha antirekord natijalari qayd etilayotgan dunyo davlatlarining beshligiga kiradi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 28-oktabr holati bo‘yicha mamlakatda koronavirus bilan kasallanganlar soni 8 millionga yaqinlashib qolgan, bir sutka davomida 43 893 kishida COVID-19 infeksiyasi borligi aniqlangan.

Avval Hindistonda bir sutka davomida milliondan ortiq kishida koronavirusga test o‘tkazilgan va mamlakat bunday tekshirishlar o‘tkazish borasida dunyo rekordini o‘rnatgandi.