AQSh prezidenti Donald Trampning saylov shtabi sayti 27-oktabr kuni kechqurun xakerlar hujumiga uchradi, deb xabar bermoqda Meduza.

Foto: Facebook / The White House

Shtab matbuot kotibi Tim Mertou Twitter’da ma’lum qilishicha, xakerlar maxfiy axborotni qo‘lga kirita olmagan, chunki u aslida saytda saqlanmaydi. Trampning jamoasi hujum manbasini aniqlash uchun huquq-tartibot organlari bilan ish olib bormoqda.

The New York Times xabariga ko‘ra, shtab sayti taxminan yarim soat davomida ishlamagan. Bu paytda bosh sahifada xakerlar xabari turgan — unda ular bir nechta qurilmalarga hujum uyushtirgani, bu “Tramp va uning qarindoshlariga tegishli ma’lumotlarga to‘liq yo‘l ochib bergani” haqida aytiladi.

Xakerlar maxfiy ma’lumotni qo‘lga kiritganini da’vo qildi. Masalan, ular Trampning koronavirus paydo bo‘lishiga aloqadorligida, shuningdek, saylovlar natijasiga ta’sir o‘tkazish uchun chet davlatlar bilan til biriktirganlikda dalil-isbotsiz aybladi.

Xakerlar Monero kriptovalyutasini yig‘ish uchun ikkita elektron hamyon manzilini e’lon qildi. Ulardan biri maxfiy ma’lumotlar oshkor etilishini istovchilar uchun, ikkinchisi — aksincha, ular sir saqlanishi tarafdori bo‘lganlar uchun mo‘ljallangan. Xakerlar vaqti kelganda ikkita summani taqqoslab, to‘plangan ma’lumotlar taqdirini hal qilishga va’da berdi.

Avvalroq Niderlandiyalik kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassis, GDI Foundation notijorat tashkiloti hamasoschisi Viktor Gevers AQSh prezidenti Donald Trampning parolini taxmin qilib topib, uning Twitter’iga kira olganini ma’lum qilgan edi.

Ma’lumot uchun, AQShda prezident saylovlari 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Unda amaldagi prezident Donald Tramp va demokratlardan nomzod, AQSh sobiq vitse-prezidenti Jo Bayden qatnashadi.

2016-yilda AQShda saylovoldi kampaniyasi chog‘ida xakerlar Demokratik partiya Milliy qo‘mitasi serverlariga va prezidentlikka da’vogarlik qilayotgan Hillari Klintonning elektron pochtasiga hujum uyushtirgan edi. Hujumda Rossiya Bosh razvedka boshqarmasiga aloqador guruhni ayblashgan edi.