Pokistonning Peshovar shahridagi madrasalardan birida portlovchi modda solingan sumka portlashi oqibatida kamida sakkiz talaba halok bo‘ldi, 110 dan ortiq kishi jarohatlandi. “Interfaks”ning yozishicha, bu haqda shifokorlarning ma’lumotlariga asoslanib, Dawn gazetasi xabar bergan.
Halok bo‘lganlar 20 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan talabalardir. Jarohatlanganlar orasida ikki o‘qituvchi ham bor.
Politsiyaning aniqlik kiritishicha, portlash Qur’on o‘rganish bo‘yicha mashg‘ulotlar paytida yuz bergan. Ularning aytishicha, noma’lum shaxslar bino ichiga taxminan besh kilogramm portlovchi moddalar bo‘lgan sumkani olib kirgan.
Hozircha hech kim hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.
Pokiston bosh vaziri Imron Xon halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirgan va jabrlanganlarning tezroq tuzalishini tilagan.
Peshovar — Xayber-Paxtunxva viloyatining ma’muriy markazi bo‘lib, pushtunlar uchun muhim markaz hisoblanadi. Madrasa bir vaqtning o‘zida o‘rta maktab va musulmonlarning diniy seminariyasi o‘tkaziladigan bino vazifasini bajaradi.
Izoh (0)