Ukraina Davlat aviatsiya ma’muriyati Windrose aviakompaniyasiga Kiyevdan Toshkentga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni ochishga ruxsat berdi, deb yozadi “Avianews.com”ga tayanib Spot.

Foto: “Ukrinform”

Aviakompaniya Kiyev–Toshkent reyslarini charter asosida haftasiga ikki marta amalga oshirishi mumkin. Reyslar ochishga bo‘lgan ruxsat 2021-yil 27-martgacha amal qiladi.

Hozirda Ukraina va O‘zbekiston o‘rtasida doimiy reyslar amalga oshirilmayapti. Reyslar 2015-yilda aviakompaniyalar – “O‘zbekiston havo yo‘llari” va “Ukraina xalqaro havo yo‘llari” o‘rtasidagi ziddiyat tufayli to‘xtatilgan edi.

Windrose Airlines – Borispol xalqaro aeroportida joylashgan Ukrainaning charter aviakompaniyasi. Aviakompaniya 2003-yilda tashkil etilgan. U Yevropa, Turkiya, Isroil va Misr yo‘nalishlari bo‘yicha charter reyslarini amalga oshiradi

Avvalroq Ukrainaning SkyUp Airlines kompaniyasi Toshkent va Kiyev o‘rtasida muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi.