“Daryo” o‘tib borayotgan haftada dunyo matbuotida e’lon qilingan va muhokama markazida bo‘lgan maqolalar sharhi bilan tanishtiradi.

Nega Isroil Ozarbayjonni qo‘llash kerak demoqda?

Isroil Tog‘li Qorabog‘dagi voqealarga befarq qaray olmaydi. Isroil Ozarbayjonning strategik ittifoqchilaridan biridir, deb yozadi The Jerusalem Post nashri. Ozarbayjon va Isroil o‘rtasidagi strategik ittifoqchilik tarixiy ildizga ega: 600 mingdan ziyod ozarbayjonlik natsist tuzumga qarshi kurashda ishtirok etgan; ozarlarning yarmidan ko‘pi uyiga qaytmagan; Ozarbayjon o‘z nefti bilan Gitler Germaniyasini tor-mor etishda katta hissa qo‘shgan edi.

Foto: Google Photos

Aksar sovet respublikalaridan farqli ravishda, Ozarbayjonda antisemitizm mavjud bo‘lmadi. Ozarbayjondagi aksar yahudiylar mamlakatdagi bag‘rikenglik va diniy erkinlikdan bahra olib yashadi. Yahudiylar Ozarbayjonda barcha diniy erkinliklardan emin-erkin foydalandi va ularning e’tiqodini hech kim ta’qib etmadi.

1992-yilda sovet tuzumi parchalanib, MDH tashkil topgan paytda The Jerusalem Post nashri jurnalisti Efraim Sne Isroil bosh vaziri Itsxoq Rabbinning vakili sifatida Ozarbayjonga tashrif buyurdi va Eron tarafidan Ozarbayjonga bo‘ladigan mavjud xavflar haqida ma’lum qildi. Dastlab, jurnalist Bokuda, so‘ng Ashxobodda, keyin Dubayda o‘ziga xos muzokaralar olib bordi. 1993-yilga kelib Isroil va Ozarbayjon o‘rtasida qayd qilinmagan Isroil va Ozarbayjon o‘rtasida strategik hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Mazkur ittifoqqa ko‘ra, ikki taraflama hamkorlik faqat neft va qurol-yarog‘ yetkazib berishni o‘z ichiga olmay, Haydar Aliyev hukumati shia jamoasi yashaydigan Ozarbayjonda dunyoviy, ma’rifatli va o‘z suverenitetiga ega mamlakat qurishda Isroilning yordamini ham nazarda tutardi. Isroil esa bu borada do‘stona Ozarbayjonning ilk mustaqillik davrlarida aksar masalalarda qo‘llab-quvvatlashini bildiradi. Koronavirus muammosi bartaraf etilgach, Ozarbayjon hukumati Isroil bilan madaniy, ma’rifiy va iqtisodiy sohalarda hamkorlikni davom ettirishga bel bog‘laydi.

Turkiya esa, o‘z navbatida, Ozarbayjonning ma’rifatli va dunyoviy jamiyat bo‘lishini istamay keladi. Aynan shu jabhada Turkiyaning turk tilli hamdo‘stlik mamlakatlaridan nimani istashi ham ko‘zga tashlanib qoladigandek. Misol uchun, ayni paytda rasmiy Anqara Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni musulmonlar va xristianlar o‘rtasidagi urush sifatida dunyoga ko‘rsatishga intilmoqda. Ammo Ozarbayjon Liviya emasligi kunday ravshan. Ozarbayjon MDHda yetarli kuchga ega bo‘lgan mamlakatlardan biri sanaladi va rasmiy Boku Turkiyaning aralashuvisiz ham Tog‘li Qorabog‘dagi murakkab vaziyatni hal qila olish imkoniyatiga ega.

Tog‘li Qorabog‘dagi nizo ortida Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi masalasi yotar ekan, Armaniston hukumatining 1988 va 1994-yillardagi siyosiy harakati Sovet Ittifoqi ko‘magida amalga oshirilgani inobatga olinsa, mantiqsizday. O‘sha kezlarda endi mustaqillikka erishgan Ozarbayjonning zaifligidan foydalangan Armaniston Ozarbayjon hududining qariyb 20 foiz yerlarini sovetlar ko‘magida bosib olishga erishgandi.

Foto: Google Photos

Natijada armanilar bosib olgan hududdagi minglab ozarbayjonlar o‘zlarining tarixiy yashab kelgan hududlaridan qochqin bo‘ldi. 1994-yilda o‘z nihoyasiga yetgan urushdan so‘ng imzolangan bitimdan so‘ng na Rossiya, na Fransiya va na AQSh Tog‘li Qorabog‘ hududidagi etnik nizolarga chek qo‘yishga harakat qildi. Tog‘li Qorabog‘dagi jiddiy inqiroz unutildi va unga ko‘z yumildi. Xalqaro jamoatchilik Armanistondan Tog‘li Qorabog‘dagi voqealar uchun surishtiruv o‘tkazmadi.

Qiziq jihati shundaki, Isroil va Ozarbayjon o‘rtasidagi tarixiy parallellik quyidagi voqeada ko‘rinadi. 1979-yilda Isroil va Misr o‘rtasida tuzilgan shartnomaga binoan Isroil Sinay yarimorolini Misrga topshirdi. 2005-yilda esa Isroil bosib olingan G‘azo qismidan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketdi, 8 mingga yaqin yahudiy jamoalari hududdan olib chiqib ketildi. Tramp ma’qullagan kelishuv imzolansa, Isroil Iordan daryosining g‘arbiy sohilini tark etishiga to‘g‘ri keladi. Armaniston ham ayni paytda Isroil duch kelgan muammoga o‘xshash muammoga duch keldi. Faqat Armaniston buni e’tirof etishni istamayapti. Qisqa muddatli sulh bitimlari esa ikki mamlakat o‘rtasidagi nizoni yaqin vaqt oralig‘ida hal qilishga qodir emas.

Putinning yangi strategiyasi qanday bo‘ladi?

Rus xalqi ko‘p yildan beri totalitar, total nazorat zug‘umi ostida yashadi va bugun ham Putin hukumatining zug‘umi ostida yashab kelishga majbur bo‘lmoqda. Iqtisodiyot ortga qaytib, rublning qadrsizlanishi davom etmoqda, aholi korrupsiyaviy sxemalarning qurboniga aylanib borayotganda, davlatning yuqori mansabini egallagan mulozimlari rasmiy Kreml qo‘l ostida davlatning, xalqning boyliklaridan o‘z bilganlaricha foydalanmoqda. Mamlakatda muxolifat yo chiqishtirilmaydi, yo zaharlanadi.

Rossiya haqida gap ketganda, rus xalqining shvedlarga, keyin Napoleon Fransiyasiga, keyinroq esa fashist Germaniyasiga qarshi kurashda matonat ko‘rsatgani olqishga loyiq bo‘lsa-da, bu mamlakat o‘ziga munosib davlat boshqaruvchisini saylashda doim adashib kelgan, deb yozadi The Washington Post nashri.

Rus adabiyot jahon adabiyoti orasida yetakchi mavqega ega. Rus adabiyotining yorqin namoyandalari Pushkin, Lermontov, Lev Tolstoy, Fyodor Dostoyevskiy, Bunin, Bulgakov, Sholoxov, Raxmaninov, Chaykovskiy kabi adabiyot va musiqa ilmi namoyandalari rus nomini jahonga tanitdi. Biroq hozirga qadar rus xalqi o‘zlariga munosib bo‘lgan, xalqning dardi bilan yuradigan davlat mulozimini tarbiyalay olmagani achinarli holat hamdir. Tanlangan rahbarlar esa xalqning umidini oqlash o‘rniga o‘z cho‘ntaklarini boyitish, saylovlarni sotib olish bilan ovora.

Foto: Google Photos

Vladimir Putin 20 yil mobaynida rus millatining eskirgan qo‘ng‘iroqlariga urg‘u bergan holda, inson huquqlari toptalayotgan jamiyatga rahbarlik qilib kelmoqda. Putin tarixni ideallashtirish orqali rus xalqining vatanparvarlik tuyg‘ulari bilan o‘ynashmoqda, ularning nozik tuyg‘ularini chertib, o‘ynamoqda.

Dushanba kuni AQSh adliya vazirligining xavfsizlik bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i va AQSh bosh prokurori o‘rinbosari o‘z bayonotida “Rossiyadan boshqa hech qaysi bir davlat kibervositalarni qurolga aylantirmagani va bu vositalarni xavfli qurolga aylantirmagani, Rossiya esa bu vositalardan yovuzlik va mas’uliyatsizlik bilan foydalanayotgani va buni arzimagan taktik afzallikka erishish hamda qabih istagini qondirish uchun foydalanayotgani” haqida ma’lum qildi. Bosh prokuror o‘rinbosari bu gapi bilan Rossiya 2016-yilda bo‘lgani kabi noyabr oyida o‘tishi kutilayotgan siyosiy jarayonlarga ham aralashishi mumkinligi haqida ogohlikka chaqirganday bo‘ldi.

Savol tug‘iladi: Putinning jinoiy rejimi aslida qanday ishlaydi?

Taqdim qilingan ayblovlarga ko‘ra, Putinning maxsus muhandislari guruhi tomonidan amalga oshirilgan xakerlik hujumlari orasida 2018-yilda Janubiy Koreyada qishki Olimpiada o‘yinlariga qarshi qaratilgan har qanday sabotaj holatlari misol bo‘lishi mumkin. Olimpiadaga qarshi kiberhujum nega Putinga kerak bo‘lib qoldi? Ayrim ekspertlar nazarida, rus hukumati bu orqali rus sportchilarining o‘z bayrog‘i ostida emas, xalqaro bayroq ostida chiqishlariga qarshi sabotaj uyushtirishga erishmoqchi bo‘ldi.

Nega? O‘sha kezlarda rus olimpiya sporti tashkiloti doping bilan bog‘liq misli ko‘rilmagan nizolar ostida ko‘milib qoldi. Bu esa haqqoniy va halol sportni shubha ostiga qo‘yardi. Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi esa rus sportchilarida aniqlangan tavsiya etilmagan moddalarning qon tarkibidagi oshiqcha miqdori natijasida Rossiya Olimpiya qo‘mitasiga ishonchsizlik bildirdi. Xalqaro tergov boshlandi. Natijada ruslar bunga javoban o‘zlarining noqonuniy xakerlik ishlarini avj oldirdi. Bu xuddi barcha ashyoviy dalillar to‘planganda uyni himoya qilish o‘rniga, uni yoqib yuborish bilan barobar harakatga mengzash mumkin.

Putin esa o‘z rejimini himoya qilish borasida bu bilan to‘xtamoqchi emas. Federal prokurorning fikricha, Rossiya armiyasining maxsus xavfsizlik xizmati kuchlari dunyoning u yoki bu qismida tartibsizliklar keltirib chiqarishga urinmoqda. G‘arb nazarida, hozirda Putin ayni qahraton qishning qoq o‘rtasida ukrainlar uchun tabiiy gaz ta’minotini uzib qo‘yishda, sobiq FSB josusi Skripalning zaharlanishida, Emmanuel Makronning prezident sayloviga aralashuvida hamda Aleksandr Navalniyning zaharlanishiga oid masalalarda ayblanmoqda. Boshqacha qilib qilib aytganda, Putin rejimi xalqaro tartibga qarshi partizanlik urushi olib bormoqda.

Foto: Google Photos

AQSh va Yevropa Ittifoqi e’lon qilgan iqtisodiy jilovlashga qaratilgan jazo choralari esa rasmiy Kremlga ta’sir qilmay kelmoqda. Putin esa Rossiyani, qadimda bo‘lganidek, o‘zining chekiga tushgan imperator sifatida boshqarib kelmoqda. Asrlar mobaynida shakllangan Tolstoy asaridagi rus qaysarligi  esa aynan rus xalqining o‘ziga pand bermoqda.

Jahongir Ergashev tayyorladi.