Yengil vazn toifasida UFC chempioni Habib Nurmagomedov musobaqalarning muxlislarsiz o‘tayotganiga sharh berib o‘tdi.

Foto: UFC

“Abu-Dabida bir yil avval jang qilgan vaqtim bu yerda aqlbovar qilmas olomon bor edi. Atrofimda ko‘plab odamlar bor edi, shu jumladan otam ham. O‘sha damlar ajoyib edi. Endi hammasi boshqacha. Muxlislar bo‘lmaydi. Rostini aytsam, menga bu yoqmayapti. Muxlislar to‘la zalda jang qilishni istayman, biroq nima ham qila olardik?

Tribunada tomoshabinlar bo‘lsa, bu butkul boshqa saviya. Ayrimlar muxlislarsiz yaxshi jang qiladi, kimlardir ularning shovqinidan asabiylashadi va yomonroq jang qiladi. O‘zimni aytadigan bo‘lsam, men tomoshabinlarni yaxshi ko‘raman. Ular menga quvvat beradi. Ular meni qo‘llab-quvvatlaydimi yoki yo‘q, buni farqi yo‘q. Men energiya olaman.

Hozir tomoshabinlarsiz jangda qatnashaman. Ko‘ramiz, bundan nima chiqarkan. Biroq oktagon yopilgandan keyin hech nima o‘zgarmaydi. Men shunchaki raqibni ovlayman”, — deydi Habib.

24-oktabr, shanba kuni BAAdagi “Jangchilar oroli”da UFC 254 musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Kechaning asosiy jangi Habib Nurmagomedov va Jastin Getji o‘rtasida kechadi.

Musobaqa Toshkent vaqti bilan 19:30 da boshlanadi. Asosiy janglar 23:00 dan boshlanishi rejalashtirilgan.

Qayd etish joiz, UFC 254 musobaqasining asosiy kardida o‘zbekistonlik Liliya Shokirova ham ishtirok etadi. Ushbu musobaqani bu yerda tomosha qilish mumkin — havola.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!