Aleksey Navalniy Rossiyadan tashqariga chiqishi uchun taqiq yoki cheklovlari yo‘qligi, Germaniyaga davolanishga borishi uchun shaxsan Putinning sanksiyasini olishga zarurat bo‘lmaganligini ma’lum qildi.

Foto: AP Photo

Siyosatchi Rossiya prezidenti Navalniyning davolanishiga sharoit yaratish maqsadida xorijga chiqarish uchun topshiriq berganligi haqida aytgan gaplariga shunday javob berdi.

Navalniy Instagram’dagi sahifasida o‘zining “Novichok” bilan zaharlanishi Putinning buyurtmasi asosida bajarilgan, deb hisoblashini qayd etgan.

“Xorijga chiqishga cheklovlar qo‘yilgani juda kulgili. Men xorijga chiqish pasportiga egaman. Yevropa sudini aynan shuning uchun ham yutib chiqqanman. “Faxriyning haqoratlangani” yuzasidan ochilgan ishda mendan xorijga chiqmaslik uchun tilxat olishga urinishgan, biroq moddada ozodlikni cheklash nazarda tutilmagan. Tilxatni esa yozib bermaganman, anglaganingizdek Novosibirskdan Tomskga o‘z xohishim bilan ketayotgandim. Hech kim menga cheklov qo‘ymagan.

Aytilgan gaplardan shuni bildimki, taxminim to‘g‘ri chiqmoqda, aynan Putin — ushbu suiqasdning buyurtmachisi. U kimyoviy qurol belgilarini yashirish uchun meni tashqariga olib chiqishni taqiqlagan. Mening transportda olib ketishga yaroqsiz deb topilishim shifokorlarning emas, balki uning irodasiga bog‘liq. Oradan ikki oy vaqt o‘tdi, biroq hali ham jinoyat ishi ochilgani yo‘q — bu ham Putinning buyrug‘i. Har qanday jinoyatchi kabi u ham ashyoviy dalillarni yo‘q qilmoqda”, – degan Navalniy.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov avgustda Putinning Aleksey Navalniyni Omskdan Berlinga yetkazish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etmaganini ma’lum qilgandi.

22-oktabrda Putin Bosh prokuraturaga shaxsan murojaat qilib, Navalniyni xorijga chiqarishni so‘ragani haqida gapirgan. Ushbu bayonotdan keyin Peskov Putinning bosh prokuratura bilan Navalniyning xorijga chiqish huquqi masalasini muhokama qilganini aytgan va bemorning Berlinda davolanishi yuzasidan ruxsatnoma shifokorlar tomonidan berilganiga aniqlik kiritgan.