Senat raisi Tanzila Norboyeva Senatning 21-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan sakkizinchi yalpi majlisida chin yetim bolalarni uy-joy bilan ta’minlash uchun davlat budjetidan 30 milliard so‘m mablag‘ ajratilishini ma’lum qildi.

Yil boshida mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar holatini tanqidiy ko‘rib chiqib, mutasaddilar oldiga aniq vazifalarni belgilab qo‘ygan edik. O‘shanda ota-onasiz bolalarimiz mehribonlik uylaridan chiqqanidan keyin qayerda yashaydi, uy-joyi yo‘q-ku, deb hokimlar bilan fikr-mulohazalar almashgandik.

Mana, kelgusi yilda endi chin yetim bolalarni uy-joy bilan ta’minlash uchun birinchi marotaba 30 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi. Endi bolalarimizning mehribonlik uyidan chiqqanidan keyin boshpanasi bo‘ladi.

Tanzila Norboyeva, Senat raisi

Ma’lumot uchun, avvalroq, mart oyida Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi O‘rol O‘rozboyev hukumat qarori bilan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni turar joylar bilan ta’minlash tartibi belgilab berilgani, ammo joylarda bu boradagi ahvol yaxshi emasligini yozgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2011—2019-yillarda Mehribonlik uylarining jami 2307 nafar bitiruvchisidan 1024 nafari turar joyga muhtoj deb topilgan. Biroq 2020-yil yanvar holatiga ko‘ra, ularning 450 nafari uy bilan ta’minlangan xolos. 574 nafari haligacha uy berilishini kutayotgani aytilgan. O‘shanda deputat “Boshpanasi yo‘q, ko‘chada sarson yurgan yoshlarning, norasida go‘daklarning kelajagi, taqdiri nima bo‘ladi? Shuncha qiyinchilik va sinovlarni boshidan o‘tkazgani kamday, endi ular jamiyatdan, hayotdan ijtimoiy yetim sifatida uzilib qolishi kerakmi?”, deya fikr bildirgandi.