Xalq deputatlari Andijon viloyat kengashining navbatdagi sessiyasida viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov uch milliondan ortiq aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash uchun amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.

Foto: Andijon viloyat hokimligi

Ma’lum qilinishicha, uch milliondan ortiq aholini tibbiy me’yorlarda belgilangan, xavfsiz va yetarli oziq-ovqat mahsuloti bilan ta’minlash uchun barcha choralar ko‘rilmoqda. Viloyatda joriy yilda jami 1 million 111 ming tonna oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish belgilangan bo‘lib, shu kunga qadar 965 ming tonna sabzavot va go‘sht mahsulotlari zaxiraga olingan.

“Prezidentimiz rahbarligida 2020-yil 16-oktabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidan so‘ng kelgusi olti oylik uchun kishi boshiga hisoblangan oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini yaratish ishlarini boshlab yubordik. Shuningdek, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish maqsadida bozorda eng ko‘p talab qilinadigan sabzavotlar aniqlangan. Aholi sonidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, olti oy uchun 76,1 ming tonna kartoshka zaxirasini yaratishimiz kerak. Ushbu ehtiyojning 66,6 ming tonnasini (ya’ni, 87,5 foiz) viloyatimizda yetishtirilgan mahsulotlar hisobidan qoplansa, qolgan 9,5 ming tonnasini (ya’ni, 12,5 foiz) chetdan olib kelishni mo‘ljallayapmiz. Shundan uch ming tonnasini viloyat hokimi zaxira jamg‘armasi, 1,2 ming tonnasini budjet tashkilotlari, qolgan 5,3 ming tonnasini esa viloyatdagi tadbirkorlar mablag‘lari hisobiga qo‘shni, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya va Belorussiya mamlakatlaridan olib kelinadi. Kartoshka olib kelishni istagan 27 ta tadbirkorga tijorat banklari tomonidan 35 milliard so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratilgan”, — deydi viloyat hokimi.

Foto: Andijon viloyat hokimligi

Aniqlanishicha, viloyatda go‘shtning olti oylik zaxirani yaratish uchun 43,9 ming tonna go‘sht talab etiladi. Ehtiyojning 42 ming tonnasi mahalliy va 1,9 ming tonnasi import mahsulotlar hisobidan qoplanadi.

“Buning uchun bir oy ichida viloyatdagi sakkiz nafar tadbirkor tomonidan qo‘shni davlatlardan tirik holda chora hayvonlari olib kiriladi. Tadbirkorlarga tijorat banklari tomonidan 26 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratiladi”, — degan viloyat hokimi.

Hokimning aytishicha, viloyatda tuxum, baliq, guruch, parranda go‘shti, piyoz va sabzi mahsulotlari zaxirasi yetarli, hattoki ularni eksportga chiqarish imkoniyati ham mavjud.

Foto: Andijon viloyat hokimligi

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-oktabr kuni oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda go‘sht, tuxum, o‘simlik yog‘i va shakar narxining keskin o‘sishi aholining noroziligiga sabab bo‘layotgani ta’kidlandi. Prezident barcha oziq-ovqat mahsulotlarining zaxirasi bo‘lishi kerakligini, bu davlat siyosatiga aylanishi lozimligini ta’kidlab, hokimlar hamda sektorlar rahbarlari o‘z hududida yaratilgan tizim, bozordagi shart-sharoitlar va narx-navo bo‘yicha xalq deputatlari mahalliy Kengash sessiyalarida xalqqa hisobot berishi zarurligini aytgandi.