Xalq deputatlari Xonobod shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Mash’al Tojiboyev shaharning yangi hokimiligiga tasdiqlangan. Bu haqda “Daryo” muxbiri Umidjon Mamarasulov xabar berdi.

Mash’al Tojiboyev.

Foto: Rustam Eshonov

Ta’kidlanishicha, Mash’al Tojiboyev Andijon shahrida tug‘ilgan bo‘lib, 2007-yilda Toshkent arxitektura va qurilish institutini, 2015-yilda Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan.

Ish faoliyatini 2003-yilda Andijon viloyat pudrat savdolarini tashkil etish va o‘tkazish boshqarmasi mutaxassisligidan boshlagan. Turli yillarda qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish hududiy konsalting markazi yetakchi mutaxassisi, narxlarni shakllantirish bo‘limi boshlig‘i, “Qishloqqurilishinvest” ixtisoslashtirilgan sho‘ba injiniring kompaniyasi Andijon filiali uy-joy marketing sho‘basi bosh mutaxassisi, Andijon viloyat hokimligi kapital qurilish, kommunikatsiyalar va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha kotibiyati yetakchi mutaxassisi, kotibiyat mudiri, Andijon shahar hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

2016-yilda vaqtincha Andijon shahar hokimi vazifasini bajargan. Mash’al Tojiboyev Xonobod shahri hokimi vazifasiga tayinlangunga qadar Andijon viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlab kelayotgandi.

Eslatib o‘tamiz, Xonobod shahrining sobiq hokimi Musaxon Mamadaliyev 29-sentabr kuni pnevmoniya asoratlari va o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi kasalligidan vafot etgandi.

“Daryo” muxbirining aniqlik kiritishicha, Xonobod shahrining sobiq hokimi so‘nggi marotaba 2020-yil 9-sentabr kuni viloyat prokurori o‘rinbosari Baxtiyor Xudoyberdiyev ishtirokidagi yoshlar hamda “temir daftar”ga kiritilgan aholi bandligini ta’minlash va ularga ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida o‘tkazilgan uchrashuvda ko‘rinish bergan.

Shahar hokimi salomatligini tiklash maqsadida uch kundan ortiq muddat davomida o‘z uyida davolangan. 2020-yil 14-sentabrdan boshlab esa, u Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Andijon filialida pnevmoniya kasalligidan davolanishni boshlagan. Tibbiyot xodimlarining qayd etishicha, unda koronavirus alomatlari bo‘lmagan.