Ukraina koronavirus infeksiyasiga qarshi Rossiya vaksinasini sotib olmaydi. Bu haqda Kiyevdagi AQSh elchixonasi Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Foto: “Izvestiya”

Avval Ukraina sog‘liqni saqlash vaziri Maksim Stepanov Rossiyaning COVID-19’ga qarshi vaksinasi JSST tomonidan tavsiya qilinsa, mamlakat uni sotib olishga tayyorligini bildirgan. Keyinchalik vazir masala vaksina hali zarur klinik sinovlardan o‘tmagani uchun hukumatlar darajasida muhokama qilinmasligini ta’kidlagan.

“Ukraina Rossiyada COVID-19’ga qarshi ishlab chiqilgan, biroq xavfsizlik nuqtayi nazaridan klinik sinovlardan o‘tmagan vaksinani sotib olmaydi”,— deyiladi Ukrainadagi AQSh elchixonasi vakili Kristina Kvinning Stepanov bilan muloqoti haqidagi xabarda.

6-oktabrda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaning “Hayot uchun muxolifat platformasi” partiyasining hamraisi Viktor Medvedchuk bilan uchrashuvda “Sputnik V” vaksinasi Ukrainaga sotishni muhokama qilgan. Medvedchuk o‘zi va oilasining Rossiyada COVID-19’ga qarshi ishlab chiqilgan preparatni Qrimda dam olgan vaqtida avgust oyida qabul qilganini aytgan. Bir necha kundan keyin Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakatning koronavirusga qarshi vaksinani Yevropa Ittifoqidan olishi haqida gapirgan.

“Sputnik V” vaksinasi Gamaleya markazi tomonidan ishlab chiqilgan va dunyo bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilgan birinchi vaksina. Keyinchalik Belarus Rossiya vaksinalarining sinovida qatnashgan birinchi xorij davlatiga aylangan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vaksinaning ro‘yxatdan o‘tkazilganiga tanqidiy qaradi va dorining klinik sinovlari hali yakuniga yetmaganini qayd etdi.