Namangan viloyatida tanishining shaxsiy videosini Telegram’da tarqatmaslik evaziga undan pul so‘ragan shaxs qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda viloyati IIB axborot xizmati.

Qayd etilishicha, Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi 2000-yilda tug‘ilgan fuqaro 1999-yilda tug‘ilgan tanishining bir fuqaro bilan urishganligi tasvirlangan videosi borligini, ushbu tasvirni Telegram ijtimoiy tarmog‘ida tarqatib yuborishini aytgan.

Bu orqali u 1999-yilda tug‘ilgan fuqaroni qo‘rqitib, undan videotasvirni tarqatib yubormasligi evaziga 100 AQSh dollari so‘ragan.

Natijada 1999-yilda tug‘ilgan fuqaro 3-oktabr kuni tegishli idoralarga ariza bilan murojaat qilib, undan pul talab qilayotgan shaxsga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur ariza yuzasidan shu yil 3-oktabr kuni tuman IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi va TEQKB tezkor vakillari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida Uchqo‘rg‘on tumani “Ko‘prikboshi” mahallasi hududida joylashgan “Uchqo‘rg‘on dehqon bozori”da 2000-yilda tug‘ilgan fuqaro arizachidan 100 AQSh dollarini tovlamachilik yo‘li bilan olgan vaqtida ushlangan.

Ushbu holat bo‘yicha tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan 15-oktabr kuni Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq Buxoroda ayol tanishining shaxsiy fotosuratlarini tarqatish bilan qo‘rqitib, undan 1000 dollar talab qilgan shaxs, Samarqandda 43 yoshli tanishining suratlarini internetga tarqatish bilan qo‘rqitib, 2200 dollar talab qilgan ayol va “Odnoklassniki”da qiz bola nomidan 26 yoshli yigit bilan tanishib, uni “shantaj” qilib 5 million so‘ragan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.