Toshkent shahar Sergeli tumanida bir erkakni shaxsiy videolarini tarqatish bilan qo‘rqitib undan pul so‘ragan ayol ushlandi, deya xabar bermoqda shahar IIB.

Ma’lum qilinishicha, Sergeli tumani ichki ishlar organlariga 31 yoshli S.A. murojaat qilib, undan tovlamachilik yo‘li bilan 300 000 so‘m olmoqchi bo‘lgan 36 yoshli E.G.ga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.

Ayol S.A ga tegishli bo‘lgan shaxsiy xarakterga ega videoni tarqatish bilan qo‘rqitgan. 14-sentabr kuni soat 17:30 da E.G. pul olish vaqtida jinoyat qidiruv xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Mazkur fakt asosida Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Avvalroq Buxoroda ayol tanishining shaxsiy fotosuratlarini tarqatish bilan qo‘rqitib, undan 1000 dollar talab qilgan shaxs, Samarqandda 43 yoshli tanishining suratlarini internetga tarqatish bilan qo‘rqitib, 2200 dollar talab qilgan ayol, Xorazmda 22 yoshli ayolning surat va videolarini internetga tarqatmaslik uchun qariyb 16 million so‘m talab qilgan shaxs qo‘lga olingani xabar qilingandi.