Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

“Toshshahartransxizmat” tizimidagi korxonalar harakat tarkibi 300 dona katta sig‘imli shahar elektrobuslari bilan yangilanadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2021—2023-yillarda “Toshshahartransxizmat” AJ tizimidagi korxonalar harakat tarkibini yangilash dasturi to‘g‘risidagi qarori loyihasida ma’lum qilindi.

Foto: “Toshshahartransxizmat” AJ matbuot xizmati

Foto: “Toshshahartransxizmat” AJ matbuot xizmati

Qaror bilan 2021—2023-yillar mobaynida “Toshshahartransxizmat” AJ tizimidagi korxonalar harakat tarkibini 300 dona katta sig‘imli shahar elektrobuslari va quvvatlash uskunalari bilan yangilash dasturi tasdiqlanadi.

Transport vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va “Toshshahartransxizmat”ning 2021—2023-yillar davomida har yili 100 donadan, jami 300 dona katta sig‘imli shahar elektrobuslari va quvvatlash uskunalarini xarid qilish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinishi mumkin.

300 dona katta sig‘imli shahar elektrobuslari va quvvatlash uskunalarini xarid qilishni moliyalashtirish manbayi etib “O‘zsanoatqurilishbank”ning 7 yillik muddatga, bir yillik imtiyozli shartlar bilan Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida, “O‘zsanoatqurilishbank”ning 0,5 foizdan ortiq bo‘lmagan marjasi qo‘shilgan holda ajratiladigan kredit mablag‘lari hisoblanadi.

Kredit mablag‘larini qoplash, foizlar, komissiyalar va jalb qilinayotgan kreditlarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq boshqa xarajatlarni to‘lash respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Moliya vazirligiga “O‘zsanoatqurilishbank” tomonidan 300 dona katta sig‘imli elektrobuslar va quvvatlash uskunalari xaridi uchun kredit mablag‘lari ajratilishida mablag‘lar taqchilligi yuzaga kelganda, Moliya vazirligi G‘aznachiligining vaqtinchalik bo‘sh mablag‘larini o‘rnatilgan tartibda “O‘zsanoatqurilishbank”ga  joylashtirilishi huquqi beriladi.

“2019—2020-yillarda Belarus va Xitoyda ishlab chiqarilgan katta sig‘imli elektrobuslar “Toshshahartransxizmat” AJ tasarrufidagi shahar yo‘nalishlarida test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tkazilganligi hamda elektrobuslarning yo‘lovchilar uchun qulayligi, shovqinsizligi, atmosferaga zararli moddalar chiqarmasligi va tasarruf sarf-xarajatlarining kamligi ma’lumot uchun qabul qilinsin”, — deyiladi qaror loyihasida.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va “Belkommunmash” rahbari Vladimir Korol o‘rtasida 2018-yil sentabrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakuniga ko‘ra, Belarus elektrobuslaridan birini Toshkentda sinab ko‘rish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. 450 ming dollarga xarid qilingan birinchi elektrobus Toshkentda 13-sentabrdan harakatlanishni boshlagandi. Toshkent shahar hokimligi bunday elektrobuslar soni 10 ta yetkazilishini ma’lum qilgan. Shu yilning mart oyidan boshlab esa Toshkentning 52-avtobus yo‘nalishi (Beshyog‘och—Yunusobod) bo‘ylab Xitoyning Yutong elektrobusi sinov tariqasida qatnay boshlagandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
O‘zbekistonda 175 kishining pasportiga IMEI kodlari noqonuniy ro‘yxatdan o‘tkazilgani aniqlandi
Mahalliy
Vazirlikning 8 mlrdga tushgan sayti, qashqadaryolik ota-o‘g‘ilning Toshkentni “lol qoldirgan” qilmishi: “Daryo”da hafta dayjesti
Mahalliy
Uy-ro‘zg‘or ishlari ayollarning iqtisodiy faolligini tushiradi: O‘zbek ayolining martabaga erishish imkoniyatlari tahlil qilindi