Chilonzor tumanining 19-dahasidan o‘tuvchi Al-Xorazmiy ko‘chasida Spark hamda tez yordam mashinasi o‘rtasida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda Zo‘r TV telekanalining “Bu kun” dasturida ma’lum qilindi.

Kadr: Telegram

Ma’lumotlarga ko‘ra, tez yordam avtomobilida og‘ir bemor olib ketilayotgan bo‘lgan. Sodir bo‘lgan YTHdan so‘ng, bemor boshqa tez yordam mashinasida kasalxonaga yetkazilgan.

Avariya ishtirokchisi bo‘lgan ikkala haydovchi ham o‘zining aybsizligini ta’kidlagan.

“Bu yo‘l-transport hodisasi kimning xatosi sabab sodir bo‘lgani tergov natijalaridan aniqlanadi”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Namanganda Epica tez tibbiy yordam mashinasi bilan to‘qnashishi oqibatida hamshira jarohatlangani, Buxoroda esa tez yordam mashinasi ishtirokida sodir bo‘lgan YTH oqibatida ikki kishi halok bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi. 2020-yilning aprel oyi o‘rtalarida Toshkentning Nurafshon va Chig‘atoy ko‘chalari kesishmasida tez yordam mashinasi YTHga uchrashi oqibatida 5 kishi jarohat olgandi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda tez yordam xizmati to‘liq raqamlashtirilib, 150 ta Ford rusumidagi eng zamonaviy reanimobil 2020-yilning yanvar oyida foydalanishga topshirilgandi. 7-iyul kuni esa O‘zbekiston koronavirusga chalingan bemorlar uchun yana 15 ta yangi reanimobil xarid qilgani ma’lum bo‘lgandi.