Rossiya hukumati 1-noyabrdan boshlab yana uchta davlat — Serbiya, Kuba va Yaponiya bilan aviaqatnovlarni tiklaydi. Bu haqda Meduza xabar berdi.

Foto: “TASS”

Bundan tashqari, Rossiya Belarus, Shveysariya, Birlashgan Arab Amirliklari va Maldiv orollari bilan parvozlar chastotasi va geografiyasini kengaytiradi. Shu tariqa, aviakompaniyalar Moskva—Minsk yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga bitta reys o‘rniga uchta reysni amalga oshirishi mumkin.

Rossiya koronavirus pandemiyasi sababli to‘xtab qolgan xalqaro aviaqatnovlarni avgust oyidan qayta tiklashni boshladi. 1-avgustdan boshlab Rossiyadan Buyuk Britaniya, Tanzaniya va Turkiyaga parvozlarni amalga oshirishga ruxsat berilgan. Sentabr oyining boshida Rossiya Misr, Birlashgan Arab Amirliklari va Maldiv orollari bilan ikki tomonlama aviaqatnovlar tiklanishini ma’lum qilgandi. Hozirgi paytda Rossiyadan Buyuk Britaniya, Shveysariya, Janubiy Koreya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Maldiv orollari va Tanzaniyaga parvoz qilish mumkin.

Avvalroq Rossiya hukumati mamlakatning yana 4 ta shahridan xorijga parvozlarni amalga oshirishga ruxsat bergandi.