O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 12-oktabr kuni axborot muhiti, matbuot kotiblarining samaradorligi, ularning axborot bilan ishlash faoliyatidagi muammo va kamchiliklar hamda boshqa masalalar muhokama qilingan yig‘ilish o‘tkazgani va unda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Najmiddinxo‘ja Sharipovni tanqid qilib, qo‘mitaning UzAuto Motors kompaniyasiga qarshi harakatlarini populistik deb atagani xabar qilingandi.

Foto: “Daryo”

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining bosh vazir tomonidan tanqid qilinishiga oid xabarlar tarqalgach, internet foydalanuvchilari, taniqli blogerlar bilan bir qatorda o‘zlarini ham populist deb atashdi.

Xususan, bloger Aziza Umarova shunday yozadi: “Kimdir tomonidan ixtiro qilingan monopoliyalarni boqishdan charchagan bu mamlakatning ko‘plab aqlli fuqarolari populistlar kabi ko‘rinadi”.

“Agar Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi o‘g‘ri va muttaham monopolistlarga qarshi shuncha qilayotgan ishlari ortidan populist deb nomlansa, men ham populistman. Agar yagona saylangan deputat Kusherbayev monopolist UzAuto Motors’ga qarshi jarayonlarda populist atalsa, men uning yonidaman va bundan faxrlanaman” — deya ta’kidlaydi Otabek Bakirov.

Yuqoridagi holat yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi bayonot bilan chiqdi. Unda qo‘mita blogerlarni Abdulla Aripov ko‘targan masalalarni noto‘g‘ri talqin qilishda ayblagan.

“Bosh vazir boshchiligida bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishi va unda ko‘tarilgan masalalar bugun OAV va blogerlar o‘rtasida keng muhokama qilinyapti. Ayrim blogerlar tomonidan ko‘tarilgan masalalar noto‘g‘ri talqin qilinyapti.

Mazkur selektor yig‘ilishi O‘zbekiston Prezidentining “Raqamli O‘zbekiston – 2030 strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 5-oktabrdagi PF–6079-son farmoni bilan belgilangan loyihalar va chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishni samarali tashkillashtirish masalalariga bag‘ishlangan.

Majlis Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyatiga bag‘ishlanmagan va unda qo‘mita raisi Najmiddinxo‘ja Sharipovning hisoboti yoki UzAuto Motors kompaniyasi masalasi bo‘yicha maxsus axboroti tinglanmagan.

Yig‘ilishning asosiy mavzularidan biri – davlat organlar tomonidan olib borilayotgan axborot siyosati, matbuot kotiblarining faoliyati samaradorligi, OAV bilan ishlashda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan.

Yig‘ilishda bosh vazir tomonidan hozirgi kunda yuqoridagi yo‘nalishlarda davlat organlar tomonidan olib borilayotgan ishlar xususida fikrlar bildirilib, ko‘plab ijobiy va tanqidiy misollarga to‘xtalib o‘tildi. Xususan, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va UzAuto Motors kompaniyasi o‘rtasida davom etayotgan sud jarayonida shoshmasdan qaror qabul qilish va imkon darajasida xalqaro konsultant-mutaxassislar bilan hamkorlikda, ularning o‘rganishlari ham inobatga olingan holda ish olib borilishi taklif sifatida bildirildi.

Shuningdek, davlat organlari rahbarlari OAV bilan o‘zaro muloqotda, asosli va isbotlangan dalillarga tayanib hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerakligi, aks holda bu harakatlar populistik ko‘rinishga ega bo‘lib qolishi ehtimoli borligi nazarda tutilgan”, – deyiladi qo‘mita bayonotida.

Shuningdek, ushbu masala yuzasidan deputat Rasul Kusherbayev ham o‘z fikrlarini bildirdi.

“Albatta, o‘zgarishlar sari ketayotgan Yangi O‘zbekiston sharoitida jamiyatda illat sifatida ko‘rilayotgan, ko‘pchilik e’tiroziga sabab bo‘layotgan masalalarni ochiq muhokama va tanqid qilish normal holat hisoblanadi. Buni so‘z erkinligi borasida erishgan eng katta yutug‘imiz sifatida qabul qilish kerak.

To‘g‘ri, so‘nggi paytlarda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyatida jonlanishlar bor. Biroq mazkur sohadagi mavjud muammolar oldida bu hali yetarli emas. Afsuski, oxirgi 27 yil davomida monopoliya masalasi jilovlanmagani bugun ‘imperiya’ darajasidagi ‘oyog‘i yerdan uzilgan’ ayrim monopollarning paydo bo‘lishiga olib keldi.

Kechagi majlisda aniq nima bo‘lganini bilmayman-u, biroq hukumat rahbari sifatida bosh vazir tegishli soha va tarmoqlar bo‘yicha ishlarni tanqid qilib, yo‘l yo‘riq berishi hukumat tabiatiga xos tabiiy jarayon. Men bosh vazirni parlament va deputatlarni eshita oladigan kamchilik shaxslardan biri sifatida bilaman, bunga ko‘p bora shaxsan guvoh bo‘lganman.

Hukumatning avtomobilsozlik sohasida raqobat muhitini yaratish maqsadida Jizzax, Qo‘qon, Namanganda yangi avtomobil zavodlari ochishga harakat qilayotganini mavjud ‘avtomobil monopoliyasini’ yo‘q qilish borasidagi ijobiy qadam sifatida ko‘raman. Bu esa yangi ish o‘rinlari degani.

Bugun davom etayotgan pandemiya sharoitida ishlab turgan zavod va korxonalarni saqlab qolish, faoliyatini rivojlantirish, yangi investitsiyalar jalb etib raqobat muhitini rivojlantirishimiz kerak.

O‘z o‘rnida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ham o‘z faoliyatida monopoliya sohasiga oid amaldagi qonunlarimizni ijrosini yanada qat’iy nazoratga olishi va o‘z ishini tizimli tashkil etishi lozim, deb bilaman.

Bilmadim-u, biroq fikrimcha bugungi masalaning ko‘tarilishi kimningdir qaysidir ijtimoiy muhimroq boshqa masaladan e’tiborini qochirishiga o‘xshaydi. O‘quvchilar fikrini chigallashtirmagan ham ma’qul, biroq…”, — deb so‘zini yakunlagan Rasul Kusherbayev.

Eslatib o‘tamiz, 2-oktabrdan boshlab Toshkent shahar ma’muriy sudida UzAuto Motors kompaniyasining Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasi qarorini bekor qilish bo‘yicha kiritgan shikoyati ko‘rib chiqilmoqda.

Oldinroq Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasining maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar kompaniya avtomobil narxlarini 3 million so‘mdan 19 million so‘mgacha asossiz oshirganini tasdiqlagan, narxlarning asossiz oshirilgan qismlarini bekor qilib, avtomobillarni kamaytirilgan narxlarda sotish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. UzAuto Motors esa bunga “avtomobillar narxi asosli va hozir narxni pasaytirish imkonsiz” deya javob qaytargan edi.

Kompaniya o‘shanda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining bayonotlarini populistik, harakatlarini esa mas’uliyatsizlik deb atagan va ushbu ssenariy eng yirik milliy korxonalardan birini bankrotlikka olib kelishi mumkinligini aytgan edi.