1871-yil 8–10-oktabr kunlari Amerikaning Chikago shahrida halokatli yong‘in ro‘y berdi. Buning natijasida 300 ga yaqin odam halok bo‘ldi, ayovsiz olov shaharning taxminan 3,3 kvadrat mil hududini (9 km2) vayronaga aylantirdi va 100 mingdan ortiq aholini uysiz qoldirdi. “Daryo” bugun Buyuk Chikago yong‘ini, uning oqibatlari va tafsilotlari haqida hikoya qiladi.

Foto: Google Photos

Yong‘in shahar markazining janubi-g‘arbida joylashgan mahallada boshlandi.  Uzoq vaqt davom etgan issiq, quruq, shamolli ob-havo sharoiti va shahar qurilishida keng qo‘llanilgan yog‘och yong‘inning kelib chiqishi va shiddat bilan tarqalishida asosiy vosita bo‘lib xizmat qildi.  Yong‘in Chikago daryosining janubiy tarmog‘iga o‘tib, shahar markazining katta qismini vayron qildi.

Yong‘indan so‘ng shaharga uzoq-yaqindan yordam oqib kela boshladi.  Chikago hukumati kelajakda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan shu kabi yong‘inlarning tez tarqalishini to‘xtatish uchun qurilish me’yorlarini takomillashtirdi va shu yuqori standartlarga muvofiq shahar tezda qayta tiklandi. Buyuk Britaniya tomonidan ajratilgan xayriya mablag‘lari Chikago jamoat kutubxonasini tashkil etishiga turtki berdi.

Yong‘inning kelib chiqishi

Yong‘in 8-oktabr kuni 21:00 da Dekoven ko‘chasi 137-uy orqasidagi xiyobon bilan chegaradosh O‘liri oilasiga tegishli kichik omborxonada yoki uning atrofida boshlangani taxmin qilinadi. Ombor yonidagi shiypon yong‘in hamla qilgan birinchi bino edi. Shahar ma’murlari yong‘inning aniq sababini shu paytgacha aniq ayta olmagan, ammo oldingi yozda uzoq davom etgan qurg‘oqchilik, asosan yog‘ochdan yasalgan shahar inshootlari va yong‘in boshlangan hududning janubi-g‘arbiy qismidan esgan kuchli shamol olovning tez tarqalishini ma’lum ma’noda izohlaydi.

Yong‘inning kelib chiqish sababi haqida esa bir qancha ertaknamo taxminlar mavjud: og‘ildagi fonarni ag‘darib yuborgan O’Liri xonimning sigiridan tortib, bir guruh erkaklarning molxona ichida qimor o‘ynab, chiroqni ag‘darib yuborganlarigacha (Murphy, Jim (1995) The Great Fire).

Yong‘in sodir bo‘lgan paytda Chikagodagi inshootlarning uchdan ikki qismdan ko‘prog‘i butunlay yog‘ochdan yasalgan, aksariyat uylar va binolar tepasi tez yonuvchan smola bilan qoplangan edi. Shaharning barcha piyodalar yo‘laklari va ko‘plab asosiy yo‘llari ham yog‘ochdan qilingan edi. Ushbu omillar fonida Chikagoda 4-iyuldan 9-oktabrgacha atigi bir dyum (25 mm) yomg‘ir yog‘di va yong‘in oldidan qattiq qurg‘oqchilik yuzaga keldi.

1871-yilda Chikagodagi o‘t o‘chirish bo‘linmasida butun shaharni himoya qilish uchun atigi 17 ta bug‘ nasosi va 185 ta o‘t o‘chiruvchi bor edi. O‘t o‘chiruvchilar bo‘linmasi yong‘in haqidagi xabarga tezkorlik bilan reaksiya bildiradi, ammo qo‘riqchi Mathis Shafferning xatosi tufayli ular dastlab noto‘g‘ri joyga jo‘natiladi. Bu paytga kelib esa yong‘in keng hududga tarqab ulgurgan edi. Bundan tashqari, o‘t o‘chiruvchilarning aksariyati juda charchagandi: ular oldingi haftada ko‘plab kichik yong‘inlar va bitta katta yong‘in bilan kurashgan edi. Ushbu omillarning barchasi birlashib, kichik omborxonadan chiqqan yong‘inni tarixiy halokatga aylantirdi.

Foto: Google Photos

Yong‘inning tarqalishi

O‘t o‘chiruvchilar Dekoven ko‘chasiga yetib kelishganida yong‘in allaqachon kuchaygan va qo‘shni binolarga tarqalib, markazga tomon yoyilishni boshlagan edi. O‘t o‘chiruvchilar Chikago daryosining janubiy tarmog‘i va ilgariroq yonib ketgan hudud tabiiy o‘t o‘chiruvchi vazifasini o‘taydi deb umid qildi. Ammo butun daryo bo‘ylab bir qancha ko‘priklar, daraxtzorlar, omborlar va ko‘mir zaxiralari bor edi. Yarim tunda alangali chiqindilar daryo bo‘ylab uchib o‘tib, tomlar va janubiygaz zavodlariga tushdi.

Daryo bo‘ylab o‘tayotgan olovning shaharning markazi tomon tezlik bilan harakatlanishi aholini sarosimaga solib qo‘ydi. Bu vaqtda shahar meri Rozvell B. Meyson yaqin atrofdagi shaharlarga yordam so‘rab xabar yubordi. Sud binosi yonib ketgach, u binoni evakuatsiya qilishni va mahbuslarni ozod qilishni buyurdi.  9-oktabr kuni soat 2:30 da sud binosining katta qo‘ng‘irog‘i qulab tushdi. Ba’zi guvohlar uning ovozni bir chaqirim (1,6 km) uzoqlikdan eshitganliklari haqida aytadi.

Haddan tashqari qizib ketgan havo yuqoriga ko‘tarilib, salqin havo bilan aloqaga kirdi va olov aylana boshlab, tornadoga o‘xshash qiyofa hosil qildi.  Ushbu yong‘inli girdob chiqargan olovli chiqindilar Chikago daryosining asosiy tarmog‘i bo‘ylab kerosin tashiydigan temiryo‘l vagoniga qadar uchib bordi va daryo bo‘ylab shaharning shimoliy qismiga yoyila boshladi. Mahalliy sanoat korxonalarining uzoq yillardan beri yo‘q qilishning noto‘g‘ri usullaridan foydalangani natijasida daryoda to‘planib qolgan yonuvchan chiqindilar yong‘inning tez tarqalishida yana bir omil bo‘lib xizmat qildi.

Yong‘inning o‘ta shiddat bilan o‘sib borishiga qaramay, shahar o‘t o‘chiruvchilari olov bilan kurashni davom ettirdi.  Yong‘in daryodan “oshib o‘tganidan” bir oz vaqt o‘tgach, shahar suv inshootiga ham o‘t ketdi. Bir necha daqiqa ichida uning ichki qismi alanga ostida qoldi va bino vayron bo‘ldi. Shu bilan shahar suv tarmoqlaridan mahrum bo‘ldi.

Nihoyat, 9-oktabr oqshomida yomg‘ir yog‘a boshladi, ammo yong‘in allaqachon o‘chirish mushkul ahvolda tarqalib ketgan edi. Olov shimoliy hududning kam aholi istiqomat qiluvchi qismlaridan o‘tib, aholi zich joylashgan yerlarni ham yutib yubordi.

Yong‘indan so‘ng

Yong‘in tugagandan keyin u o‘zidan qoldirgan qoldiqlari hali juda issiq edi, shu sababli yetkazilgan zararni o‘rganish bir necha kunga cho‘zilib ketdi.  Oxir-oqibat, yong‘in shaharning taxminan olti kilometr uzunlikdagi va eni o‘rtacha bir kilometr bo‘lgan maydonini vayron qilgani aniq bo‘ldi. Olov 809 gektardan ortiq maydonni qamrab oldi, 117 kilometrdan ortiq uzunlikdagi yo‘llar, 190 kilometr piyodalar yo‘lagi, ikki ming yoritgich chiroqlar, 17 500 ta bino va 222 million dollarlik mol-mulkni yo‘q qilgan edi. Bu shaharning 1871-yildagi bahosining uchdan bir qismiga teng edi.

Foto: Google Photos

1871-yil 11-oktabrda general Filipp X. Sheridan shaharga yordamga yetib keldi. Talonchilik va zo‘ravonlikning oldini olish maqsadida shahar ikki hafta davomida general Sheridan qo‘mondonligi ostidagi muntazam qo‘shin, militsiya bo‘linmalar, politsiya va maxsus tashkil etilgan “Chikago ko‘ngillilarining birinchi polka” vositasida harbiy holatga keltirildi. Sheridanning odamlari ikki hafta davomida ko‘chalarda patrullik qildi, yordam omborlarini qo‘riqlashdi. Nihoyat, 24-oktabrga kelib qo‘shinlar vazifalaridan ozod qilindi va ko‘ngillilar xizmati tarqatib yuborildi.

1871-yilda Chikagodagi taxminan 324 ming aholidan 90 ming nafari (har uch aholidan bittasi) uysiz qoldi. Xarobalardan 120 jasadning qoldiqlari topildi, ammo o‘lganlar soni 300 kishiga yetgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlar bor. Shahar sudi qurbonlar sonini aniq hisoblashning iloji yo‘q deb hisoblaydi, chunki ba’zi qurbonlar cho‘kib ketgan yoki hech qanday qoldiqlarsiz yonib ketgan bo‘lishi ehtimoldan holi emas.

Shaharga yordam tadbirlari

Yong‘in sodir bo‘lganidan keyingi kunlar va haftalarda mamlakatning turli burchaklaridan va chet ellardan Chikagoga oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa buyumlar bilan birga pul xayriya mablag‘lari ham kirib kela boshladi.  Ushbu xayr-ehsonlar jismoniy shaxslar, korporatsiyalar va shaharlar tomonidan qilingan edi.  Shaharga Nyu-York shahri kiyim-kechak va oziq-ovqat mahsulotlari bilan birga 450 ming dollar, Sent-Luis 300 ming dollar va London Kengashi ming gvineya hamda shaxsiy xayriya mablag‘lari hisobidan yetti ming funt sterling berdi.

Shotlandiyaning Grinok shahrida (40 ming pop) shahar yig‘ilishi paytida 518 funt sterling yordam puli yig‘ildi. Chikagoning tijoriy raqiblari bo‘lgan Sinsinnati, Klivlend va Buffalolarminglab dollar mablag‘larni xayriya qildi.  Miluoki yaqin atrofdagi boshqa shaharlar bilan birga yong‘inga qarshi vositalarni yuborishda yordam berdi.  Butun qit’adan poyezdda oziq-ovqat, kiyim-kechak va kitoblar olib kelindi.

Birinchi jamoat cherkovi jamoat tartibini saqlash uchun zaruriy choralar ko‘rishni boshladi. Narxlarning ko‘tarilishi mavjud sharoitning eng muhim muammolaridan biri edi. Shahar hukumati 12 untsiya (340 g) non narxini sakkiz sent qilib belgiladi. Jamoat binolari boshpana joyi sifatida ochildi.  Ushbu voqeadan keyin uysiz qolgan ko‘plab odamlar umrining oxirigacha normal hayotga qayta olmadi, chunki ularning barcha shaxsiy hujjatlari va mol-mulklari olovda yonib ketgan edi.

1872-yil aprel oyida shahar kengashi Buyuk Britaniyaning sakkiz ming jilddan ziyod xayriya manbalari hisobidan Chikago jamoat kutubxonasini tashkil etish to‘g‘risida farmon chiqardi.

Foto: Google Photos

Yong‘in atrofidagi mulohazalar

Yong‘in Qo‘shma Shtatlardagi rivojlanish haqidagi savollarga ham sabab bo‘ldi. O‘sha paytda Chikagoning jadal kengayishi va sanoatlashtirilishi tufayli yong‘in aslida keltirib chiqarishi mumkin bo‘lganidan ko‘proq talafotlarga olib keldi, deya hisoblovchilar paydo bo‘ldi. Diniy nuqtayi nazardan kelib chiqib, ba’zi amerikaliklar yana eski hayot tartibotlariga qaytish kerak, odamlar an’anaviy axloqni e’tiborsiz qoldirganliklari natijasida ushbu yong‘in kelib chiqdi, deb o‘ylay boshladi.

Ba’zilar esa ushbu yong‘indan saboq olish va shaharlar qurilish texnikasini yanada yaxshilash kerak, deya fikr bildirdi. Shuningdek, fikr bildirganlar orasida g‘isht devorlar va intizomli o‘t o‘chirish tizimi hamda politsiya o‘lim va yetkazilgan zarar miqdorining bu qadar keng ko‘lamli bo‘lmasligini ta’minlashi mumkin edi, deb hisoblovchilar ham bo‘ldi.

Yong‘indan ko‘p vaqt o‘tmay, shahar ma’muriyati o‘zining yong‘inga qarshi kurash standartlarini qayta yozishni boshladi. Tez orada Chikagoda mamlakatning yetakchi yong‘inga qarshi kurash tizimi yaratildi.

Gurdon Saltonstall Xabard kabi biznes egalari va chayqovchilar tezda shaharni qayta tiklashga kirishdi.  Qayta qurish uchun olib kelingan birinchi yog‘och yuki oxirgi yonib ketgan bino o‘chirilgan kuniyoq yetkazib berildi. Oradan 22 yil o‘tgach, Butunjahon Kolumbiya ko‘rgazmasi tomonidan Chikago 21 milliondan ziyod mehmonni qabul qildi.  Katta ochilish marosimidan 13 kun o‘tgach, yonib ketgan “Palmer House” mehmonxonasi olingan kreditlar evaziga yuqori standartlarga binoan qayta qurildi va “dunyodagi birinchi olovga chidamli bino” deb e’lon qilindi.

1956-yilda V. Dekoven ko‘chasida joylashgan O‘lerining asl mulkidagi qolgan qoldiq inshootlar Chikago yong‘in xavfsizligi boshqarmasi o‘quv mashg‘ulotlarini olib boradigan Chikagodagi yong‘in xavfsizligi bo‘limining o‘quv markazi sifatida qayta qurildi.  1961-yilda haykaltarosh Egon Vayner tomonidan yasalgan “Olov ustunlari” deb nomlangan olovning bronzadan yasalgan haykali yong‘in kelib chiqqan joyga o‘rnatildi.

Foto: Google Photos

Omon qolgan inshootlar

Yonib ketgan shaharning quyidagi inshootlari hanuzgacha saqlanib qolgan:

  1. Avliyo Maykl cherkovi, Eski shahar;
  2. Chikago suv minorasi;
  3. Chikago prospektidagi nasos stansiyasi
  4. Politsiyachi Konstable Bellingerning N. Gadson 2121da joylashgan uyi

Avliyo Maykl cherkovi va nasos stantsiyasining har ikkalasi ham yonib ketdi, ammo tashqi qiyofasi omon qolgan bino omon qolgan devorlar yordamida tiklandi. Bundan tashqari, yashash joylari vayrona holatiga kelgan bo‘lsa-da, Seynt Jeyms sobori qo‘ng‘iroq minorasi yong‘indan omon qoldi va qayta qurilgan cherkov tarkibiga kiritildi.  Minora tepasidagi toshlar hali ham kuya va tutundan qorayganligicha turibdi.

Yong‘in nimadan kelib chiqdi?

Deyarli yong‘in chiqqan paytdan boshlab uning kelib chiqishi haqidagi turli xil nazariyalar tarqala boshladi. Eng mashhur afsona yong‘in O‘leri xonim sigirini sog‘adigan molxonadan kelib chiqqanini ta’kidlaydi – sigir fonarni tepib yuborib, omborga o‘t qo‘yadi. O‘leri oilasi buni rad etdi, ammo sigir haqidagi hikoyalar shahar bo‘ylab tarqalib ulguradi.  Ketrin O‘leri mukammal gunohkordek tuyuldi: u kambag‘al, irland katolik muhojiri edi. XIX asrning ikkinchi yarmida butun AQSh va Chikagoda Irlandiyaga qarshi kayfiyat kuchli edi.

Bu shahar Irlandiya aholisining kuchayib borayotgan siyosiy qudrati natijasida yanada kuchaygan edi. Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar aholisi katoliklarga nisbatan sovuq munosabatda bo‘lib, ularga ishonmas edi. Shu sababdanmi, ushbu voqea hali yong‘in o‘chmasidan oldin Chikagoda tarqalib ketib, hatto “Chikago Tribuna” gazetasining halokatdan keyingi birinchi sonida chop etiladi.  1893-yilda muxbir Maykl Ahern “sigir va fonar” hikoyasining uydirmaligini tan olib, uni inkor etadi, ammo hatto uning tan olishi ham afsonaga ishonib qolganlarni tinchlantirolmadi.

O‘lerilarga hech qachon rasmiy ravishda yong‘inni keltirib chiqarish ayblovi yuklanmagan bo‘lsa-da, voqea mahalliy tarixshunoslikka shu qadar singib ketganki, Chikago shahar kengashi 1997-yilda oilani va sigirni rasman oqlashga “majbur bo‘ldi”.

Havaskor tarixchi Richard Beylz yong‘in u haqida birinchi xabar bergan Sallivan sut o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan paytda omborda pichan yoqib yuborganida boshlanganini taxmin qilmoqda. Beylz dalillarining bir qismi Sallivanning ko‘rsatmalarini o‘z ichiga oladi. 1871-yil 25-noyabrda Chikagodagi o‘t o‘chiruvchilar idorasida o‘tkazilgan surishtiruvda olovning og‘ilning yon tomonidan o‘tayotganini ko‘rgan Daniel Dekoven ko‘chasi bo‘ylab hayvonlarni ozod qilish uchun yugurganini da’vo qilgan.

Entoni DeBartolo Chikago Tribune gazetasidagi ikki maqolasida yong‘inning qimor o‘yini paytida boshlagan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. Guvohlardan birining so‘zlariga ko‘ra, yong‘in sodir bo‘lgan tunda u O‘lerilarning omborida ularning o‘g‘illaridan biri va boshqa ayrim mahalla bolalari bilan qimor o‘ynaydi. O‘Leri xonim soat 9:00 atrofida qimorchilarni quvish uchun molxonaga chiqqanda, ular fonarni urib tushirishadi. Biroq ushbu ko‘rsatma ko‘pchilik tomonidan ma’qullanmadi.

Foto: Google Photos

1882-yilda Ignatius L. Donnelli tomonidan taklif qilingan muqobil nazariyaga ko‘ra, yong‘in meteorit yomg‘iridan kelib chiqdi. Aerokosmik korporatsiya va Amerika aeronavtika va astronavtika institutining 2004-yilgi konferensiyasida muhandis va fizik Robert Vud yong‘in Biela kometasining parchasi O‘rta g‘arbga ta’sir qilganida boshlangan, deb taxmin qiladi.  Bielaning kometasi 1845-yilda parchalanib ketdi va shu paytgacha uning ta’siri kuzatilmadi.

Vud meteorit ta’sirida bir kunda to‘rtta yirik yong‘in sodir bo‘lganini ta’kidlaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yong‘inlar, odatda, kometalarda uchraydigan metan tufayli sodir bo‘lgan. Meteoritlarning yerda olovli shaklda uchrash holatlari shu kunga qadar fanda qayt etilmaganligi bois bu nazariya ilmiy jamoatchilikda o‘z foydasini topmadi.

Aloqador voqealar

Kuzning o‘sha issiq, quruq va shamolli kunida Michigan shtatida ko‘l bo‘yida Buyuk Chikago yong‘ini bilan bir vaqtda yana uchta yirik yong‘in sodir bo‘ldi.  Shimoldan 400 milya uzoqlikda joylashgan Peshtigo yong‘ini natijasida Viskonsin shtatining Peshtigo shahri va boshqa o‘nlab qishloqlar yonib ketdi. Fojia 1 200–2 500 kishining o‘limiga sabab bo‘ldi va taxminan 1,5 million gektar maydonni egalladi. Peshtigo yong‘ini hozirgacha Amerika tarixidagi eng qonli voqea bo‘lib qolmoqda.

Sharqdagi ko‘l bo‘ylab Gollandiya, Michigan va boshqa yaqin joylardagi shaharlar yonib ketdi. Gollandiyadan shimolda taxminan 160 milya (160 km) uzoqlikda joylashgan Manisti yog‘ochsozlar jamiyati ham alanga ichida qoldi, bu “Buyuk Michigan olovi” degan nom oldi. 1871-yil 9-oktabrda Chikagodan 140 mil (230 km) janubda, Illinoys shtatidagi Urbana shahrida yong‘in chiqdi va shaharning markaziy qismini vayron qildi.

Yong‘inning madaniy hayotdagi aksi

Chikagodagi Illinoys universitetining sport jamoalari 1982-yildan buyon Buyuk Chikago yong‘inini yodga olish maqsadida “Olovlar” deb nomlanadi.

Teodor Drayzerning 1912-yilda yozilgan “Moliyachi” asari Filadelfiya haqida hikoya qilsa-da, 1871-yilgi Chikagodagi yong‘inning butun mamlakat bo‘ylab fond bozorlari va moliya dunyosiga ta’sirini tasvirlaydi. 1938-yilda suratga olingan “Eski Chikagoda” filmi voqealari olov markazida kechib, unda O‘leri oilasi bosh qahramonlar sifatida juda xayoliy tasvirlangan edi.

1974-yilda “Chikago Fire” futbol jamoasi qisqa muddatli Jahon futbol ligasida o‘ynadi. Amerika futbol assotsiatsiyasida yana bir “Chikago Fire” jamoasi mavjud. Jim Merfining 1996-yilda chop etilgan “Buyuk yong‘in” kitobi bolalar uchun yong‘in haqida hikoya qiladi.

2014-yilda Chikago shahri va Redmoon teatri “Buyuk Chikago yong‘in festivali”ni o‘tkazishda hamkorlik qildi. 2014-yil 4-oktabrda bo‘lib o‘tgan ushbu tadbir texnik qiyinchiliklar qurboniga aylandi, Chikago daryosidagi 1 871 ta uyning nusxalari oldingi kunlardagi elektr muammolari va kuchli yomg‘ir tufayli yaxshi yonib ketmadi.

Dilbar Ismatullayeva tayyorladi.