Jizzax erkin iqtisodiyot zonasidagi ADM-Jizzakh zavodida noyabr oyidan boshlab Roodell kompaniyasi tomonidan eng yangi modellardan bo‘lgan Kia Seltos va Kia K5 avtomobillarini yig‘ish boshlanishi xabar berilgan edi. “Gazeta.uz”ning ma’lum qilishicha, kompaniya biznes-rejasi va rivojlanish strategiyasiga ko‘ra, har chorakda bitta Kia modelini ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bu haqda 5-oktabr kuni Toshkentning Sergeli tumanidagi Kia Motors avtosalonida Kia Seltos va Kia K5 avtomobillari taqdimotida ma’lum qilingan.

Foto: “Gazeta.uz”

“KIA modellari haqida gapiradigan bo‘lsak, kelasi yilning oxiriga kelib biz modellar qatorida 8 raqamiga chiqamiz. Unda arzonroqlari ham, qimmati ham bo‘ladi. Maqsadimiz — O‘zbekistonga zamonaviy, yangilangan va eng so‘nggisini olib kelish”, — degan Roodell’ning bosh direktori va hammuassisi Doniyor Davletiyarov.

Uning aytishicha, yangi modellar asosiy bozorlarda muayyan restaylingdan o‘tganidan so‘ng ishga tushiriladi.

Birinchi bosqichda zavod avtomobillarni 195 operatsiyani amalga oshirgan holda yirik blokli yig‘ish (SKD) usulida yig‘adi. Ikkinchi bosqichda, 2022-yil oxirlariga borib, payvandlash, kuzovni bo‘yash va SKD yig‘ilishi yo‘lga qo‘yilgan sexlari bo‘lgan liniyalarni ishga tushirish rejalashtirilgan. Ayni paytda korxonada 600 ga yaqin, shu jumladan, zavodning o‘zida 200 nafar ishchi ishlaydi.