Jizzax erkin iqtisodiyot zonasidagi ADM-Jizzakh zavodida noyabr oyidan boshlab eng yangi modellardan bo‘lgan KIA Seltos va KIA K5 avtomobillarini yig‘ish boshlanadi. Bu haqda “Daryo”ga Roodell kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

KIA K5.

Foto: KIA Motors

Zavod multibrend xususiyatiga ega bo‘lishi ko‘zda tutilgan — kelgusida u yerda jahonga mashhur boshqa bir qator brendlar avtomobillarini ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yiladi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillar hamkor dilerlik tarmoqlari orqali MDH davlatlariga eksport qilinadi.

KIA Seltos.

Foto: KIA Motors

“Mutlaqo yangi bo‘lgan xususiy avto ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilishi — O‘zbekiston bozori uchun shunchaki tijorat yangiligi emas, balki olib borilayotgan yangi islohotlar, ham investorlar, ham iste’molchilar uchun yangi sharoitlarning yaratilishi natijasidir. Ishonch bilan aytishimiz mumkinki, mamlakatda haqiqatan ham avtomobil tarixining yangi davri boshlanmoqda, u birato‘lasi bir nechta global avtomobil brendlarining ishlab chiqarila boshlashi, ya’ni o‘zbek bozoriga kirib kelishi bilan bog‘liq.

Biz yangi investorlar uchun makon, butlovchi qismlarni ishlab chiqarish va distributsiyalash bozorini shakllantirish, dilerlik va logistika markazlarini qurish uchun sharoit yaratmoqdamiz. Faoliyatimizning dastlatki yilida turli uchta mashhur avtobrendlarning avtomobillarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz”, — deb ta’kidlagan Roodell bosh direktori Daniyar Davletiyarov.

Qayd etilishicha, ayni paytda Jizzax EIZda zavod qurilishining yakuniy bosqichi davom etmoqda va turli konfiguratsiyaga ega bo‘lgan avtomobillarni ishlab chikarish uchun mo‘ljallangan ikkita texnologik liniyasini o‘rnatish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Birinchi bosqichda zavodning ishlab chiqarish quvvati yiliga 25 ming donani tashkil etadi. Ikkinchisida — 2022 yil yakuniga qadar payvandlash, kuzovni bo‘yoqlashva yig‘uv sexlari ishga tushirilganidan keyin ushbu ko‘rsatkich 100 mingtaga ko‘payadi.