“Yuventus” hujumchisi Krishtianu Ronaldu yana jinsiy zo‘ravonlikda ayblanmoqda. Amerikalik model Ketrin Mayorga yana bir bor portugaliyalik futbolchini javobgarlikka tortishni istamoqda, deya xabar qilmoqda The Sun.

Foto: Getty Images

Mayorga 2018-yilda ham Ronalduga nisbatan ayblov bilan chiqqandi. Ayol 2009-yili Las-Vegasda futbolchi tomonidan zo‘ravonlikka uchragani haqida ma’lum qilgandi. Keyinchalik Mayorga hujumchi bilan o‘rtasidagi bo‘lgan voqealarni hech kimga oshkor qilmaslik uchun 350 ming yevro olgani ma’lum bo‘lgandi. Hozirda Mayorga ilk kelishuv shartlarini qabul qilish vaqtida ruhiy holati odatiy bo‘lmaganini iddao qilmoqda.

Las-Vegas sudi Mayorganing Ronalduga nisbatan ayblovini dekabr oyida ko‘rib chiqadi. Agar ayol haqiqatda ruhiy holati barqaror bo‘lmaganini isbotlay olsa, u holda Ronaldu sudda guvohlik berishiga to‘g‘ri keladi.

2019-yilning yozida politsiya daliliy ashyo va guvohlarning yetarli emasligi sabab Ronalduni javobgarlikka tortmagan edi. Ronalduning o‘zi esa barcha ayblovlarni inkor etgan va uni soxta ma’lumotlar deb atagandi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!