Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida “O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan “Ibrat” filmining mamlakatdagi ilk namoyishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.

Foto: Namangan viloyat hokimligi axborot xizmati

Unda film ijodkorlari, ustoz va murabbiylar, rasmiylar hamda kino ixlosmandlari ishtirok etdi.

Foto: Namangan viloyat hokimligi axborot xizmati

“Ushbu film premyerasi uchun aynan To‘raqo‘rg‘on tumani tanlangani bejiz emas. Chunki Is’hoqxon to‘ra Ibrat shu zaminda tug‘ilib, voyaga yetgan. Bugungi kunda uning nomi bilan yuritiluvchi tillar maktabi va muzey ham shu yerda joylashgan. Film premyerasi 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni o‘tkazilayotganida ham ramziy ma’no bor. Chunki Ibrat domla birinchi galda buyuk ma’rifatparvar va ulug‘ ustoz bo‘lganlar”, — dedi tadbirni ochib bergan viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov.

Foto: Namangan viloyat hokimligi axborot xizmati

To‘raqo‘rg‘on tuman madaniyat markazida bo‘lib o‘tgan premyerada “O‘zbekkino” Milliy agentligi direktori Firdavs Abduholiqov, agentlik direktori o‘rinbosari Shuhrat Rizayev, film rejissori Jahongir Qosimov, aktyor Matyoqub Matchonov so‘zga chiqib, ushbu filmni suratga olish jarayoni, bugungi kun tomoshabini uchun ahamiyati haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.

Foto: Namangan viloyat hokimligi axborot xizmati

Shundan so‘ng “Ibrat” filmi namoyish etildi. Uni tomoshabinlar, jumladan, Is’hoqxon to‘ra Ibratning avlodlari olqishlar bilan qarshi oldi.

Foto: Namangan viloyat hokimligi axborot xizmati

Ma’lumot uchun, filmni rejissor Jahongir Qosimov suratga olgan. Ssenariy mualliflari Nurillo Abbosxon va Abduqayum Yo‘ldoshev. Filmda Farhod Mahmudov, Saidkomil Umarov, Erkin Komilov, Karim Mirhodiyev, Matyoqub Matchonov, Shahzoda Matchonova va boshqalar rol ijro etgan.